Tog‘li qishloq ayollarining og‘iri yengil bo‘ldi
Qishning qirovli kunlariga ham oz qoldi. Ayniqsa, tog‘li hududlarda qish mavsumi erta boshlanadi. Keyingi kunlarda sovuq oqimning kirib kelishi, dastlabki ogohlantirish deyish mumkin. Tuman markazlarida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish uchun har holda shart-sharoitlar bor. Ammo tog‘li hududlardachi?
Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Ko‘ksor mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Jovuz qishlog‘ida bo‘ldik. Dastlab qishloq aholisining turmush tarzi bilan tanishdik. Shu yerlik oqsoqollarning ta’kidlashicha, “jovuz” arabcha so‘z bo‘lib, yong‘oq degan ma’noni anglatar ekan. Bu gapda ham jon bordek. Boisi qishloqdagi har bir xonadonda kamida 5-6 tupdan yong‘oq bor. Aytish joizki, aholining asosiy daromadi ham bog‘dorchilik va dehqonchilikdan.
Masalan, shu qishloqlik nafaqadagi pedagog Qurbonali ota Toshev ham tomorqasida mo‘’jazgina bog‘ yaratgan. Bog‘da olma, nashvati, yong‘oq, olxo‘ri kabi mevalar ayni kunlarda g‘arq pishgan. Bog‘bonning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biri nabiralari bilan bog‘ aylanish. Ular bilan ko‘ngil yozish.
– Erta tongda bog‘ni aylanib yoshargandek bo‘laman, – deydi 70 yoshni qarshilagan Qurbonali ota. – Bundan tashqari ochiq yerlarga dehqonchilik qilamiz. Kartoshka, har-xil sabzavot va poliz ekinlarini ekamiz. Xullas un va yog‘dan boshqa hamma mahsulotlar deyarli o‘zimizdan chiqadi. Ortganini sotamiz. Shukr hayotimiz yaxshi. Hamma narsa yetarli.
Qishloq o‘ziga xos tabiatga ega, ertaknamo manzil. Bu yerning odamlari ham Qurbonali ota singari sodda va samimiy, hayotning mazmunini mehnatda deb biladiganlardan. Shu boismi, bog‘lari sarxil mevalarga to‘la, zamini xalq uchun to‘kin dasturxon. Ushbu qishloqqa tashrif buyurgan kishi, bahavo tabiatdan bahra olib, boldek shirin zilol suvdan qonib-qonib ichsa, ketgisi kelmay qoladi. Ammo tog‘da yashashning o‘ziga xos mashaqqatlari bor. Bahor va yoz faslida Jovuzda necha kun bo‘lsa ham dam olishni istagan kishi 6 oylab davom etadigan qish qirovli kunlarda bir kun turishga ham qiynaladi. Shu bois jovuzliklar qish g‘amini yozda yeydi. Bog‘ rog‘larni butash va shakl berish orqali chiqqan o‘tinlarni bog‘cha-bog‘cha qilib g‘amlaydi. Ko‘mirni jamg‘aradi.
[gallery-8758]
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda shart-sharoiti bir muncha murakkab bo‘lgan tog‘liklar uchun aytish mumkinki, turmush tarzini yengillashtirish asosiy e’tibordagi masala hisoblanadi. Masalan, birgina ayollarning kundalik ovqat tayyorlashlari uchun suyultirilgan gaz ballonlarining yetkazib berilishi ham ular uchun katta yengillik bermoqda.
– Qishlog‘imizda ayni paytda 470 xo‘jalik, 2,5 ming nafarga yaqin aholi yashaydi, – deydi mahalla raisi Salim Norimov. – Qish mavsumini betalofot o‘tkazish uchun barcha tayyorgarliklar qilinmoqda. Ilgari juda qiynalardik. Ayniqsa, qishda. Elektr soatlab o‘chardi. Suyultirilgan gaz ballonlari qishda yo‘l yomonligi sabab toqqacha chiqib kelolmasdi. Hozir esa, elektr deyarli uzilmaydi. Maktab va bog‘chalarga, aholiga bosqichma-bosqich ko‘mir tarqatyapmiz. Eng muhimi tuman gaz tashkiloti tomonidan olingan maxsus og‘ir texnikalar har qanday sharoitda suyultirilgan gazni oyma-oy yetkazib turibdi. Biz borgan kuni ham qishloqqa gaz ballonlar ortilgan maxsus texnika kelib qoldi. Endigina o‘choqqa o‘tin qalab tushlik hozirligini ko‘rmoqchi bo‘lib turgan Munira Usmonova kelinining qishloqqa suyultirilgan gaz balloni kelgani xabaridan so‘ng, olovni o‘chirib qo‘ya qoldi. Axir shundoqqina bitta gugurt chaqib yongan zangori olovga nima yetsin.
– Biz qishloq ayollarining ko‘p vaqti oshxonada o‘tadi, – deydi Munira Usmonova. – Suyultirilgan gaz ballonlari ishimizni ancha yengillashtirmoqda. Ayniqsa, qish mavsumida. Bir choynak choy qaynatish uchun ham qumg‘on qaynatish kerak. Hukumatimizning mana shunday chekka-chekka qishloqlarda yashovchi aholining turmush tarzini yaxshilashga qaratayotgan e’tiboridan mamnunmiz.
“Kitobtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan tog‘li hududlarda yashovchi aholiga suyultirilgan gaz ballonlarining o‘z vaqtida yetkazib berilishi natijasida bugun bu yerda yashovchilarning mushkuli ancha osonlashdi, deydi qishloq faollari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qishloq joylashgan Ko‘hsor mahallasida ayni damda 1046 ta iste’molchi bo‘lib, bo‘lim tomonidan har oyda grafik asosida suyultirilgan gaz ballonlari doimiy ravishda yetkazib berilmoqda. Jumladan, maxsus transportda olib kelinayotgan gaz ballonlari aholiga uyma-uy tarqatilib, birinchi navbatda buning ortidan tog‘dagi dov-daraxtlarning asossiz kesilishining ham oldi olinmoqda. Albatta aholiga qulaylik yaratish, ularning turmush tarzini yaxshilash yo‘lida olib borilayotgan bu kabi ishlar olis hududlarda istiqomat qilib kelayotgan insonlarni, xususan ayollarning og‘iri yengil bo‘lishiga yordam bermoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov O‘zA.