Tog‘-kon sohasida 14,5 milliard so‘m mablag‘ning samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilmadi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tizim tashkilotlarida 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Sa’dullayevning ma’lum qilishicha, hisobot davrida korrupsiya xavflarini barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rildi. Joriy yilgi korrupsiyaga qarshi kurashish dasturida belgilangan 35 ta vazifaning barchasi bajarildi.
Ochiqlik va jamoatchilik bilan muloqotni ta’minlash maqsadida OAV va rasmiy axborot resurslarida 470 dan ortiq materiallar e’lon qilindi, 6 ta targ‘ibot tadbiri hamda 230 dan ortiq tushuntirish-profilaktik ishlar o‘tkazildi.
Korrupsiya xavflarini baholash jarayonida vazirlik va tizim tashkilotlaridagi 2 654 ta funksiya tahlil qilinib, 311 ta yuqori, 523 ta o‘rta va 1 818 ta past darajadagi korrupsiogen xavflar aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha deklaratsiyalar tahlil qilinib, 26 ta holat bartaraf etildi.
Xaridlar sohasida 1 683 ta kontragent o‘rganilib, tavakkalchilik omillarini aniqlash natijasida 14,5 milliard so‘m mablag‘ning samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Kadrlar tanlash jarayonida 3 777 nafar nomzod o‘rganilib, 3 557 nafari bo‘yicha ijobiy xulosa berildi. Shuningdek, o‘tkazilgan 117 ta xizmat tekshiruvi natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Jumladan, 62 nafar xodimga nisbatan intizomiy chora qo‘llanildi, 21 nafar xodim bilan mehnat munosabatlari belgilangan tartibda bekor qilindi. 56 ta hujjatlar to‘plami huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlari ham e’tirof etildi. Jumladan, “VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi” doirasida vazirlik “Komplayens-nazorat” tizimini samarali joriy etgan tashkilot sifatida maxsus mukofot bilan taqdirlandi. Shuningdek, vazirlik va Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat konchilik va geologiya sohasida korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda parlament nazoratini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Brifingda ta’kidlanganidek, ayni paytda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlari davom ettirilmoqda. Vazirlik va “O‘zinfokom” hamkorligida ishlab chiqilgan “Geomonitoring” axborot tizimi yer qa’ridan foydalanish va uni o‘rganish jarayonlarini raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish hamda nazorat samaradorligini oshirish imkonini bermoqda. Shuningdek, “Ye-yer qa’ri nazorati” axborot tizimi ishlab chiqilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA