Tinchlik yo‘lidagi jasorat hech qachon unutilmaydi (+video)
Afg‘on urushida halok bo‘lgan o‘g‘lonlarni yodda saqlash insoniy burchimizdir. Garchi qo‘shinlar olib chiqilganiga 34 yil to‘lgan bo‘lsa-da, jigarbandidan ayrilgan onalarning ko‘z yoshlari hanuz qurib bitganicha yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistondan afg‘on urushida 64 ming 500 nafar askar ishtirok etib, ulardan 1 ming 522 nafari halok bo‘lgan. Ularning aksari 18-19 yoshli yigitlar edi...
Kuni kecha O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari Birlashmasi hamda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashe bilan hamkorlikda Afg‘onistonda xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi harbiy harakatlar tugatilganligining 34-yilligi munosabati bilan Chirchiq va Toshkent shaharlarida xotira tadbirlari o‘tkazildi.
Dastlab kun avvalida Chirchiq shahridagi “Vatan himoyasida halok bo‘lgan jangchilar” memorial maydonida Faxriy qorovul va jangchi faxriylar tantanali marsh ostida monument yonida saf tortishdi.
Davlat madhiyasi yangrab, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan jangchilar yod etilib, monument poyiga gulchambar qo‘yishdi.
Tadbirda yig‘ilganlar afg‘on urushida sobiq ittifoq mamlakatlaridan minglab kishilar ishtirok etgani, shuningdek, bu urushdan ko‘plab oilalar aziyat chekkani va mard yigitlarning janglardagi jasoratlarini esladilar.
Yoshlar tomonidan harbiy vatanparvarlik mavzusida she’rlar o‘qilib, poytaxt va viloyatlardan kelgan bir guruh jangchi faxriylar O‘zbekiston “VETERAN” jangchi- faxriy va nogironlari Birlashmasi tomonidan ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cmWFgKBhJpo" title="Tinchlik yo‘lidagi jasorat hech qachon unutilmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xotira tadbirining ikkinchi qismi Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i”da davom etdi.
Urushda qahramonlarcha halok bo‘lgan yigitlarimizni xotirlash maqsadida jangchi faxriylar tomonidan “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘yildi.
So‘ng bog‘ning Shon-sharaf muzeyi tadbirlar zalida taklif etilgan faxriy mehmonlarning ma’ruzasi tinglandi.
-Men dunyoda urush bo‘lishini sira xohlamayman, -deydi afg‘on urushi faxriy jangchilaridan biri Akromjon Usmonov. –Ammo bir gapni aytadigan bo‘lsam, Afg‘onistonda bizdan keyin maktablar, kasalxonalar, yo‘llar, sanoat korxonalari qoldi. Albatta, keyinchalik ularning ko‘plari yo‘q bo‘lib ketdi, omon qolganlaridan esa afg‘onlar hanuzgacha foydalanmoqda. Shuni ta’kidlashni istardimki, aksar sovet askarlari, ayniqsa, o‘rta osiyoliklar afg‘onlar qalbida iliq taassurot qoldirishgan edi.
Shuni qayd etish lozimki, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan Afg‘oniston va boshqa chegara hududlardagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan urush nogironlari va halok bo‘lgan jangchilarning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan himoyalash maqsadida ko‘pgina imtiyozlar berilmoqda. Ana shunday imtiyozlardan biriga afg‘on urushi faxriy jangchisi Akromjon Usmonov ham munosib deb topilib, tadbirda unga Yashnobod tuman hokimligi tomonidan uy sovg‘a qilindi.
Yig‘ilish vatanni madh etuvchi va vatanparvarlikka chorlovchi konsert dasturi bilan davom etdi.
O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA