Tinchlik qishlog‘i yo‘li ta’mirlanmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng
2025-yil dekabr oyida Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida hududlarda infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush sharoitini yuksaltirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Ayniqsa, ichki yo‘llarni ta’mirlash, chekka qishloqlarning transport bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilgan.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Zafarobod tumani “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini Tinchlik qishlog‘iga olib kiruvchi, yillar davomida ta’mirtalab ahvolda bo‘lib kelgan mahalliy ahamiyatga ega yo‘lda keng ko‘lamli ishlar boshlandi.
[gallery-28730]
Ko‘p yillar mobaynida ushbu yo‘lning nosoz holati mahalla aholisi uchun jiddiy muammoga aylangan edi. Ayniqsa, yomg‘irli kunlarda yo‘l butunlay yaroqsiz holga kelib, transport harakati izdan chiqar, piyodalar uchun esa yurish azobga aylanardi. Bu holat nafaqat kundalik turmushni qiyinlashtirgan, balki tez tibbiy yordam, yong‘in xavfsizligi, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda ham qator to‘siqlarni keltirib chiqargan.
Aholi murojaatlari asosida muammo atroflicha o‘rganilib, mutasaddi tashkilotlar tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda ushbu yo‘lda amaliy ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Xususan, yo‘lning asosiy qismi tekislanib, zamonaviy talablar asosida asfalt va beton qoplamasi yotqizilmoqda. Qurilish jarayonida sifat va muddat masalalariga alohida e’tibor qaratilib, ilg‘or texnika hamda zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilayotgani e’tiborga molik.
Eng muhimi, bu ishlar oddiy yo‘l ta’miri emas, balki aholining yillar davomida to‘planib kelgan muammosiga aniq va tizimli yechim bo‘lmoqda. Bu esa Prezident tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalar joylarda qanday amaliy natija berayotganining yaqqol ifodasidir.
Shubhasiz, yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan mazkur yo‘l Tinchlik qishlog‘i aholisi hayotiga yangi qulayliklar olib kirib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (video,surat), O‘zA