Tinchlik bor ekan – osoyishtalik posbonlari ham bayram qiladi
Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik ta’minlanishiga munosib hissa qo‘shayotgan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni katta shukuh bilan nishonlandi.
Chunki mustaqil O‘zbekiston Ichki ishlar organlarining tashkil etilganiga bu yil 35 yil to‘ldi. Mazkur sana munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yo‘lladi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni ham e’lon qilindi.
IIV Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov davlatimiz rahbarining sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan keng qamrovli islohotlarini e’tirof etdi. Islohotlar tufayli ichki ishlar organlari aholiga ochiq, hisobdor va xalqchil tizimga aylandi.
2016-yilda ichki ishlar organlari faoliyatida 6 ta axborot tizimi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 62 taga yetkazilib, shundan 43 tasi amaliyotga joriy etildi. Vazirlik tomonidan ko‘rsatilayotgan 60 ta davlat xizmatining 55 tasi to‘liq raqamli shaklda taqdim etilmoqda. Barcha hujjatlar aylanmasi ham raqamli shaklga o‘tkazildi.
Ichki ishlar vazirligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan taqdirlangan xodimlarga Vatanimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Xalqaro forumlar saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda “IIV ta’lim muassasalari: kecha va bugun” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” nomli foto va videoko‘rgazmalar tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tizim xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
[gallery-32156]
Bayram tadbirlari poytaxt ko‘chalari bo‘ylab dronlar kuzatuvi ostida harakatlanayotgan Ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi, maxsus va zamonaviy texnikalar, xizmat avtomashinalari paradi bilan davom etdi.
Vatanparvarlik va tinchlikni asrash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan mazkur namoyish poytaxtimiz mehmonlari, jamoatchilik vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA