Tiliga e’tibor — millat kelajagiga e’tibor
Ona tili — millatning ruhi, ma’naviyati va tarixi mujassam bo‘lgan bebaho boylikdir. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, taraqqiy etadi.
Shu ma’noda, mustaqillik yillarida o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani xalqimizning milliy o‘zligini anglashi, ma’naviy qadriyatlarini asrashi va kelajakka ishonch bilan qadam tashlashining muhim belgisi bo‘ldi.
Bugun yurtimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish hamda til madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy anjumanlar va kitob taqdimotlari tilga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Ana shunday tadbirlardan biri Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida kitoblar taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi.
Tadbirda “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “So‘z sandiqchasi” va “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitoblari keng jamoatchilikka taqdim etildi. Mazkur nashrlar nafaqat tilshunos va adabiyotshunos olimlar, balki o‘qituvchilar, talabalar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun ham muhim manba sifatida ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda so‘zga chiqqan mutaxassislar mustaqillik yillarida davlat tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida alohida to‘xtaldilar. Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF– Farmoni, 2025-yil 20-oktabrda qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror davlat tili taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda o‘zbek tilining huquqiy maqomi mustahkamlanib, uning ilmiy va amaliy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Lotin yozuviga asoslangan yangi alifboni takomillashtirish, zamonaviy imlo qoidalarini ishlab chiqish, izohli va terminologik lug‘atlar yaratish, davlat idoralarida ish yuritishni davlat tilida tashkil etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi universitetning tashkil etilgani o‘zbek tili va adabiyoti sohasidagi tarixiy voqealardan biri bo‘ldi. Chunki til taraqqiyoti, avvalo, ilm-fan va ta’lim bilan uzviy bog‘liqdir.
Taqdim etilgan kitoblar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” buyuk mutafakkir hayoti va ijodini chuqur o‘rganishga xizmat qilsa, “So‘z sandiqchasi” xalq tili boyligi va milliy ifodalarni targ‘ib etadi. “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” esa tilning nozik qirralarini anglash, nutq madaniyatini yuksaltirish va so‘z qo‘llash mahoratini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Eng muhimi, bunday tadbirlar yosh avlod qalbida ona tilga muhabbat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Zero, tilga e’tibor — millatga e’tibordir. Ona tilini asrab-avaylagan xalqning ma’naviy ildizlari hamisha baquvvat bo‘ladi.
[gallery-29454]
Bugun davlat tiliga qaratilayotgan yuksak e’tibor, amalga oshirilayotgan islohotlar va ma’rifiy tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyot yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki til — istiqlol timsoli, millat g‘ururi va kelajak poydevoridir.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA