TIKA ko‘magida o‘quv-seminar tashkil qilindi
Shu kunlarda Turkiyaning shisha va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasi yetakchi ekspertlaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida Toshkentda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda qardosh davlat Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tashabbusi bilan ilk bor mahalliy korxonalar mutaxassislari malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Anjuman 2024 yil iyun oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi Strategik sheriklik kengashi 3-yig‘ilishi doirasida ikki davlat rahbarlari tasdiqlagan hujjat ijrosini ta’minlash maqsadini ko‘zlagan.

O‘shanda tomonlar respublikamiz sanoati 6 xil sohasini Turkiya ilg‘or tajribasi asosida rivojlantirish, dastlabki bosqichda diyorimizda turk standarti asosida mahalliy soha mutaxassislari malakasini oshirishga kelishilgan edi.
Hozir O‘zbekistonda maishiy shisha idishlarga talab yuqori. Mavjud salohiyatdan foydalanib, ichki ehtiyojni to‘liq qondirish, so‘ngra eksport quvvatini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Trening davomida xorijlik ekspertlar ishlab chiqarish samaradorligi, mahsulot sifati hamda eksport salohiyatini oshirish borasidagi bilimi va tajribasi bilan bo‘lishmoqda. Dasturdan tayyor shisha idishlar sifatini yaxshilash, ilg‘or usullarni qo‘llagan holda, mahsulotga tashqi ishlov berish, texnolog va kimyogarlarni ilg‘or tajriba bilan tanishtirish mavzulari ham o‘rin olgan.
Mashg‘ulotlarda maishiy shisha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Asl oyna”, “Kvarts”, “Zaravshon oyna”, “Mingyuan Silu industry”, zargarlik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Caravan silver”, “Nur Star jewerly”, “SofiZar”, “Global universal servis” kabi korxonalar vakillari qatnashmoqda.
O‘quv dasturlari sanoatga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish, milliy dizayn an’analarini zamonaviy texnologiya bilan uyg‘unlashtirish hamda O‘zbekiston zargarlik mahsulotlarini xalqaro maydonda raqobatbardosh darajaga olib chiqishga qaratilgan.

Mutaxassislarimiz olayotgan bilimi, orttirayotgan tajribasini mahalliy korxonalarda faol qo‘llab, ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq qilish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada mahsulotlarimizning nafaqat ichki bozor, balki xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshliligi ham ta’minlanadi.
1 martga qadar davom etadigan trening yakunida ishtirokchilarga TIKA tomonidan maxsus sertifikat topshiriladi. Shuningdek, joriy yil aprel oyida mutaxassislarimizning Turkiyaga safari tashkil etilib, ularni maishiy shisha idishlar va zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA