Tibbiyot: zamonaviy yondashuvlar va inson salomatligi uchun yangi imkoniyatlar
So‘nggi yillarda dunyo sog‘liqni saqlash tizimi jiddiy sinovlarga duch keldi. Pandemiyalar, infeksion kasalliklarning qayta avj olishi, aholi salomatligiga ta’sir etuvchi ijtimoiy va ekologik omillar tibbiyot oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ydi. Shu bilan birga, zamonaviy tibbiyot, ilmiy tadqiqotlar va global hamkorlik tufayli inson salomatligini asrash borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2025 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisoboti ana shu ijobiy o‘zgarishlarning yorqin ifodasidir. Unda jahon tibbiyotida inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilayotgan beshta eng muhim yo‘nalish alohida qayd etilgan.
Hisobotda aytilishicha, tuberkulyoz hali ham dunyoda eng xavfli infeksion kasalliklardan biri bo‘lib qolmoqda. U havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi va ko‘pincha immuniteti zaif insonlarda og‘ir kechadi. Ammo so‘nggi o‘n yil ichida bu kasallikdan o‘lim darajasining sezilarli kamayishi global tibbiyot uchun katta yutuq sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, Afrika mintaqasida o‘lim ko‘rsatkichlari 46 foizga, Yevropa mintaqasida esa 49 foizga pasaygani ahamiyatlidir. Bu natijalar erta tashxis qo‘yish, zamonaviy antibiotiklardan foydalanish, davolashga rioya etilishini nazorat qilish hamda profilaktik tadbirlar samarasi hisoblanadi. Shu bilan birga, JSST silga qarshi kurashda OITS, qandli diabet, chekish va to‘yib ovqatlanmaslik kabi xavf omillarini kamaytirish muhimligini ta’kidlamoqda. Chunki bu holatlar kasallikning og‘ir kechishi va o‘lim xavfini oshiradi.
Inson salomatligi uchun eng katta tahdidlardan yana biri bo‘lgan qizamiqqa qarshi kurashda ham emlash dasturlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ommaviy vaksinatsiya natijasida o‘tgan yilda qizamiqdan o‘lim ko‘rsatkichi 2000 yil boshiga nisbatan qariyb 90 foizga kamaydi. Bu millionlab insonlar hayoti saqlab qolinganini anglatadi. Qizamiq o‘ta yuqumli bo‘lib, asoratlari orasida o‘pka yallig‘lanishi, miya shikastlanishi va hatto o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin. Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda emlash qamrovining yetarli emasligi sababli kasallik qayta avj olmoqda. Bir yil avval dunyo bo‘ylab taxminan 11 million kishiga qizamiq tashxisi qo‘yilgani bunga yaqqol misoldir. Mutaxassislar bu muammoni hal etish uchun aholi o‘rtasida ishonchli tibbiy axborotni kuchaytirish va emlashga nisbatan salbiy munosabatlarni bartaraf etish zarurligini qayd etmoqda.
Jahon tibbiyotida ayrim infeksion kasalliklarni to‘liq bartaraf etishga erishilgani esa tarixiy ahamiyatga ega voqelikdir. Maldiv orollarining OITS, sifilis va gepatit V infeksiyalarining onadan bolaga yuqishini to‘liq to‘xtatgan davlat sifatida e’tirof etilishi profilaktika va tibbiy nazoratning yuqori samarasini ko‘rsatadi. Bu kasalliklar qon, jinsiy aloqa yoki tug‘ruq paytida yuqishi mumkin bo‘lib, o‘z vaqtida davolanmasa, og‘ir asoratlarga olib keladi. Shuningdek, Burundi, Misr va Fiji traxomaga, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligiga, Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham bergani aholining turmush sifati va mehnat qobiliyatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bezgakka qarshi kurash ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu kasallik asosan chivinlar orqali yuqadi va har yili millionlab insonlarning hayotiga xavf soladi. 2025 yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshtining “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olinishi tizimli profilaktika, sanitariya choralari va emlashning samarasini namoyon etdi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bezgakka qarshi emlash joriy etilgani esa kasallikni global miqyosda cheklashga xizmat qilmoqda. Hozirda bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qo‘llanilmoqda va bu chora-tadbirlar tufayli taxminan 170 millionta kasallanish hamda 1 millionga yaqin o‘lim holatlarining oldi olingan.
Emlash dasturlarining kengayishi meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari kabi xavfli kasalliklardan himoyani kuchaytirmoqda. Ayniqsa, bachadon bo‘yni saratonining asosiy sababi bo‘lgan inson papilloma virusiga qarshi vaksinatsiya ayollar salomatligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan yili dunyo bo‘ylab 86 million nafar qiz OPVga qarshi vaksina olgan. Emlash va skrining tekshiruvlari kuchaytirilishi natijasida Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda bachadon bo‘yni saratonini to‘liq bartaraf etish arafasida turibdi.
O‘zbekiston ham so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar orqali jahon tajribasini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Mamlakatimizda emlash milliy taqvimi kengaytirilib, bolalar va ayollar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan dasturlar kuchaytirilmoqda. Sil, bezgak va boshqa infeksion kasalliklarga qarshi profilaktika, erta tashxis va bepul davolash choralari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bu yo‘nalishdagi ishlar davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham alohida ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, kasalliklarni davolashdan ko‘ra ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik yondashuvni kuchaytirish muhim ekani ta’kidlab kelinmoqda. Murojaatnomada birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirish, qishloq joylarda tibbiyot infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini joriy etish orqali infeksion va noinfeksion kasalliklar yukini kamaytirish vazifalari belgilangan. Bu esa O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va inson umri davomiyligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Yurtimizda mazkur kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror nazorat ostida bo‘lib, xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sil kasalligiga qarshi kurashda erta aniqlash, bemorlarni to‘liq va bepul davolash hamda doriga chidamli shakllarining oldini olishga qaratilgan milliy dasturlar joriy etilgan. Qizamiq, poliomiyelit, difteriya va boshqa yuqumli kasalliklar bo‘yicha esa ommaviy emlash orqali epidemik xavf keskin cheklangan. OITS va gepatit V infeksiyalarining onadan bolaga yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni majburiy skriningdan o‘tkazish, profilaktik davolash va emlash amaliyoti keng qo‘llanilmoqda. Bezgak, onxotserkoz kabi ayrim tropik kasalliklar O‘zbekiston uchun endemik hisoblanmasa-da, migratsiya va tashqi xavf omillarini inobatga olgan holda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilgan. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, kasalliklarning yuqish yo‘llari va oldini olish choralari haqida tushuntirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA