Tibbiyot xodimlariga tavsiyalar berildi
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini o‘rganish, Oliy Majlisga yo‘llangan Prezident Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish va soha xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun viloyatimizga keldi, deya xabar bermoqda Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.
Vazir o‘rinbosari Marg‘ilon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga tashrif buyurib, patronaj hamshiralari va mutaxassislar bilan suhbat o‘tkazdi. Muassasada tashkil etilgan xatlov shtabida olib borilayotgan ishlarni tahlil qildi. Hududdagi bir necha fuqarolarning xonadoniga borib, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati to‘g‘risida ma’lumot oldi va tibbiy maslahatlar berdi. Shuningdek, Marg‘ilon shahridagi “Ayollar maslahatxonasi” va 2-oilaviy poliklinikadagi “Salomatlik maktablari” ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari Farg‘ona shahridagi 1-sonli oilaviy poliklinikada bo‘ldi. Hududdagi bir necha xonadonlarga kirib, fuqarolar bilan tibbiy xizmat haqida yuzma-yuz muloqot qildi. Shuningdek, Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinika hamda Rishton tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faliyatini o‘rganib chiqdi.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga borib, muassasa faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali majlislar zalida seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Seminarlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid farmon va qarorlari, Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati keng targ‘ib qilindi. Xatlov va antropometriya jarayonlarini sifat jihatidan yanada yaxshilash bo‘yicha amaliy va uslubiy tavsiyalar berildi.
O‘zA