Tibbiyot xodimlari malakasini baholashda raqamli islohotlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda ular faoliyatini adolatli baholashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu maqsadda Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi qarori asosida Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi va sohada mutlaqo yangi, elektron tizimga asoslangan baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Raqamli yechimlarga tayangan holda kadrlar salohiyatini xolis, shaffof va zamonaviy mezonlar asosida baholashga qaratilgan mutlaqo yangi tizimni joriy etish asosiy maqsad etib belgilangan.
– Yangi tizimga ko‘ra, dastlab tibbiyot xodimlarining malaka toifasi berish bo‘yicha yig‘majild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinib, elektron shaklga o‘tildi, – deydi mutaxassis Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar Sharipov. – Hujjatlarning har bir bosqichda ko‘rib chiqilishini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borish tartibi joriy etildi. Shuningdek, imtihon jarayonlarining onlayn translyatsiyasi, audio va video kuzatuv nazorati ta’minlandi. “Tibbiy malaka axborot tizimi” (tibtoifa.ssv.uz) ishlab chiqildi. Nomenklaturadagi barcha mutaxassisliklar bo‘yicha test va amaliy sinovlarga tegishli tabaqalashtirilgan savollar bazasi (o‘zbek va rus tilida) yaratildi. Ular SSV hamda Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi rasmiy veb saytiga joylashtirildi. Imtihonlar onlayn shaklga o‘tkazildi. Onlayn tartibdagi imtihon savollari “Random” dasturi orqali tanlanishi va natijalar o‘sha zahoti e’lon qilinishi inson omili aralashuvini minimallashtirdi. Malaka toifasi to‘g‘risidagi elektron sertifikatlar bazasi yaratildi. Boshqacha aytganda, malaka toifasi berilganini tasdiqlovchi qog‘oz shaklidagi sertifikatlardan voz kechildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, natijada malaka toifasini berish uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati 14 tadan 11 taga qisqardi. Bunda qolgan hujjatlar idoralararo o‘zaro axborot almashinuvi integratsiyasi natijasida avtomatik ravishda olinmoqda. Tibbiyot xodimlarining hujjat topshirish va imtihondan o‘tish uchun vaqt hamda mablag‘ sarflab poytaxtga kelishiga butunlay barham berildi. Oylik maoshga ustama avtomatik qo‘shiladi.
Shuningdek, 2025 yilda Prezidentning tegishli farmon va qarorlariga asosan tajriba-sinov loyihasi doirasida 15 ta tuman (shahar)da malaka oshirish kursini tugatgan hamda belgilangan tartibda imtihondan o‘tib, sertifikat olgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi rahbari va tibbiyot brigadasi xodimlari uchun oylik maoshiga 100 foizgacha qo‘shimcha ustama berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Tajriba-sinov tariqasida joriy qilingan tuman (shahar)larning rahbar va tibbiyot brigadasi xodimlari uchun qo‘shimcha ustama olish imkonini beruvchi hamda malaka toifasi berilganini tasdiqlovchi elektron sertifikatlar bazasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining UzASBO-2 axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.
Natijada tibbiyot xodimining oylik maoshiga ustama avtomatik tarzda qo‘shiladigan bo‘ldi. Bu esa tibbiyot xodimining kadrlar noziriga uchrab, ustama to‘lash to‘g‘risida buyruq chiqarishini so‘rash kabi inson omili aralashadigan holatlarning oldini olmoqda.
Yana bir muhim yangilik: klinik ordinatura (rezidentura) va internaturaga hujjat qabul qilish va imtihon topshirish ham to‘liq raqamlashtirildi. Ya’ni bu jarayon medtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali FaceID tizimidan o‘tgan holda tashkil etildi.
Klinik ordinatura va internaturaga qabul jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilishi tibbiy ta’limda ochiqlik va adolatni ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir. Hujjat topshirish va imtihonlarning medtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali, FaceID asosida amalga oshirilishi shaxsni aniq identifikatsiya qilishni kafolatlab, soxtalik va inson omili bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etadi. Bu yangilik qabul jarayonida shaffoflikni oshirish, barcha nomzodlar uchun teng sharoit yaratish hamda vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda 86 ta tuman (shaharda)gi 117 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi kompyuter savodxonligi va DMEDdan foydalanish bo‘yicha o‘qitilgan, imtihondan o‘tkazilgan va sertifikat berilgan. 2026 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qolgan tuman (shahar)lardagi tibbiyot xodimlarini ushbu yo‘nalishlarda o‘qitish, imtihondan o‘tkazish va sertifikat berish rejalashtirilgan.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholashda raqamli yechimlarni joriy etish sohada ochiqlik, xolislik va samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilayotir. Elektron hujjat aylanmasi, onlayn imtihonlar, avtomatik ustama to‘lash va elektron sertifikatlar tizimi orqali ortiqcha ovoragarchiliklar bartaraf etilib, inson omili ta’siri keskin kamaydi. Shuningdek, malaka oshirish va imtihon jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilishi tibbiyot xodimlarining kasbiy rivojlanishiga yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu islohotlar kelgusida sog‘liqni saqlash tizimida sifatli xizmat ko‘rsatish va malakali kadrlar salohiyatini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA