Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasida Polsha davlat delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvni Markaz direktori Alisher Temirov olib bordi. Yevropa Ittifoqi davlatlarida dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi hamda O‘zbekistonda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi takomillashgan talablari loyihasi muhokama qilindi.
***
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) «O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash» loyihasi mutaxassislari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Xalqaro ekspertlar ishtirokida qator tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Uchrashuvda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish buyicha GIZ bilan o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
***
Toshkent shahridagi «Radiks» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dori vositalari ishlab chiqarish zavodida yangi liniya ishga tushdi. Bu liniya orqali yiliga 5 million qadoqda kapsula, sashe paket, tabletka va flakonda kukun dori vositalari ishlab chiqariladi.
Ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy yopiq tizimli bo‘lib, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi. Ushbu loyihaning ishga tushishi natijasida korxonada 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
«Radiks» korxonasi 2002 yil tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar infuzion va ineksion eritmalar, sterillangan antibiotiklar, surtmalar, shamchalar va suyuq dori vositalari ishlab chiqaradi.
***
Poytaxtimizda joylashgan Milliy tibbiyot markazi huzurida maslahat poliklinikasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda tibbiyotning 25 dan ortiq yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali shifokorlar aholiga 33 turdagi birlamchi tibbiy xizmatlarni taqdim etib kelmoqda.

Poliklinikada bemorlarga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, kasalliklarning profilaktikasi olib boriladi.

Poliklinika zamonaviy tibbiy anjom va uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bir kunda 350 nafardan ziyod bemorni qabul qilish va tashxis qilish quvvatiga ega.
Mohigul Qosimova, O‘zA