Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida “Immunoprofilaktikaning dolzarb masalalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda professor-o‘qituvchilar, Sog‘liqni saqlash vazirligining immunizatsiya ishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy guruhi a’zolari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining immunizatsiya ishlariga mas’ul xodimlari, Respublika OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari ishtirok etdi.
Qizamiq, ko‘kyo‘tal, epidemik parotit profilaktikasi mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazida “Qalqonsimon bez saratonida skrining” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda.
Anjumanning ilmiy va amaliy qismi 15-20 fevral kunlari Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida bo‘lib o‘tadi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida muassasa direktori A.Nartayev boshchiligida o‘tkazilgan Ekspertlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi.
Unda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi, tegishli vazifalar belgilab olindi.
***
Toshkent shahridagi 7-klinik shifoxonada tashkil etilgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida raqamlashtirish masalalariga oid amaliy seminarda esa tibbiyot xodimlariga elektron tizimlardan foydalanish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, ixtisoslashgan tibbiy xizmatga muhtoj aholiga elektron yo‘llanma berish tartibi muhokama qilindi.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA