Tibbiyot muassasalarida 250 dan ortiq endokrinolog-shifokor yetishmaydi
Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishida dastlab aholiga endokrinologik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etishga doir galdagi ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tildi.
Vazir Asilbek Xudoyorov Prezidentimiz ixtisoslashtirilgan markazlar oldiga quyi bo‘g‘inga tushib ishlash, malakali tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni qo‘ygani, tizimdagi islohotlar natijasida ba’zi marralarga erishila boshlangani, lekin bu yetarli emasligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, qandli diabet – tobora yasharib borayotgan endokrin kasalliklardan biri. Hozir dunyo bo‘yicha yarim milliarddan ortiq kishi ushbu darddan aziyat chekmoqda. 2050-yilga borib, bunday bemorlar soni 1,3 milliard nafarga yetishi prognoz qilingan.
Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 3 ta ko‘rsatkichi aynan qandli diabetga qaratilgan. Xususan, 2030-yilga qadar bu kasallikni erta aniqlashni 70 foizga yetkazish, xastalik tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 50 foizini profilaktik ko‘riklarda aniqlashga erishish maqsad qilingan. Shuningdek, qandli diabetga chalinganlarni 100 foiz davolash bilan qamrab olish (hozir 92 foiz) belgilangan.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda bu borada mavjud muammolar, avvalo, kadrlar ta’minoti va salohiyati bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Yurtimizdagi endokrinolog-shifokorlarning 1 258 ta shtat birligidan 250 dan ortig‘i vakant, shundan 99 foizi tumanlar hisobiga to‘g‘ri kelishi jiddiy tanqid qilindi. Bu borada Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida holat qoniqarli emas.
Kasallikni aniqlab, nazoratga olish masalasida ham joylarda jiddiy muammolar bor. Ba’zi hududlarda diabetik to‘piq sindromiga chalinganlar soni ortgan. Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari shular sirasidan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli, Beruniy, Chimboy tumanlarida diabetik nefropatiya kasalligi aniqlanganlar soni oshgan. Surxondaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarining qator tuman-shaharlarida ham bu borada kamchiliklar qayd etilgan.
Qolaversa, diabetik retinopatiya bo‘yicha ba’zi hududlarda ko‘rsatkichlar, afsuski, talab darajasida emas. Aholidan dori ta’minoti va tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq murojaat va shikoyatlar kelib tushgan. Qalqonsimon bez, bolalarda o‘sish garmoni buzilishi, semizlik kabi boshqa kasalliklarni erta aniqlash va davolashda ham muammolar mavjud.
Shu sababli rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, ayrim mas’ullarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari zimmasiga birlamchi bo‘g‘inda endokrin kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish, yangi skrining tekshiruvlarini joriy etish, kadrlar ta’minotini yaxshilash, yod tanqisligi bo‘yicha ilmiy o‘rganishlar o‘tkazish, tizimda raqamlashtirish darajasini oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, tadbirda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Vasiyev tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida qonunbuzilish holatlari va ularning kelib chiqish sabablari hamda bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnoma o‘qib eshittirildi.
Kun tartibidagi uchinchi masala sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligiga bag‘ishlandi. Bu bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev ma’ruza qildi.
Yig‘ilish yakunida qayd etilgan muammo va kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA