Tibbiy xizmat sifati yanada yuksaladi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida ta’kidlanganidek, har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda “Tibbiyot xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Darhaqiqat, ekologik qiyin sharoitda yashayotgan aholi salomatligini muhofaza qilishda tibbiyot xodimlarining xizmati beqiyos. Jahon tibbiyoti amaliyotining eng so‘nggi yutuqlari hamda yetakchi texnologiyalarni joriy etishga, malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga, zamonaviy tibbiyot markazlarini barpo etishga va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni Orolbo‘yining eng chekka hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan oilaviy shifokorlik punktlaridan boshlab, ilmiy-amaliy markazlar va qator tibbiyot muassasalari misolida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-4665]
Davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, birlamchi bo‘g‘inni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish maqsadida kelgusi 3 yilda 28 ta oilaviy shifokorlik punkti va 3 ta oilaviy poliklinikani ishga tushirish belgilangan. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent shahridagi 5 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari (endokrinologiya, neyroxirurgiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, narkologiya) filiallarini tashkil etish ishlari boshlanib, mutaxassislar tayyorlanmoqda. Shuningdek, To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari tibbiyot birlashmalari tarkibida tumanlararo politravma va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, joriy yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturi asosida 8 ob’ektga 48,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, yil davomida mahalliy byudjet va turli jamg‘armalar, grant mablag‘lari hisobidan jami 44 milliard 770 million so‘mlik 1014 dona zarur tibbiy asbob-uskuna olib kelingan.
Bayram munosabati bilan bir guruh soha xodimlariga ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA