Tibbiy xizmat sifati tahlil qilindi
Aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini o‘rganish maqsadida sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.
O‘rganishlar davomida hududlardagi tibbiyot muassasalarining faoliyati, moddiy-texnik bazasi, raqamlashtirish jarayonlari va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar holati atroflicha tahlil qilindi.

Dastlab vazir viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev hamrohligida Buxoro shahridagi 6-son va 9-son oilaviy poliklinikalarda bo‘ldi. Muassasalarning mavjud infratuzilmasi, bemorlarga xizmat ko‘rsatish sharoitlari hamda tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rganildi. Ayniqsa, binolarning eskirganligi va aholi ehtiyojlariga mos ravishda rekonstruksiya qilish zaruratiga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan boshlangan qurilish va ta’mirlash ishlarining borishi ko‘zdan kechirilib, ularni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘ldi. Bu yerda vazir o‘quv binolari, institut muzeyi, xalq tabobati laboratoriyasi hamda 200 o‘ringa mo‘ljallangan klinikaning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muassasada talabalar va shifokorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy ta’lim va amaliyot uyg‘unligi yuqori baholandi.

Institut rektori Shuxrat Teshayev hamda klinika bosh vrachi Shermuhammad Tursunov bilan muloqot o‘tkazilib, tibbiyot ta’limi sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yanada takomillashtirish yuzasidan muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Vazir Buxoro shahar tug‘ruqxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Muassasada raqamli texnologiyalarni joriy etish, elektron tibbiy hujjatlar yuritish tizimi, tibbiy xizmatlarni tashkil etish darajasi va bemorlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, perinatal xizmatlar sifatini yaxshilash hamda mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Vazir Eldor Adilov mamlakatning barcha hududlarida tibbiy xizmat sifati bir xil darajada bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
–Mamlakatimizning har bir hududida, poytaxtdami yoki markazdan olis tuman va shahardami, aholiga bir xil darajada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmasa, xalqimiz roziligiga erishish qiyin,–dedi vazir.
Sog‘liqni saqlash vazirining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida tibbiyot muassasalari faoliyati har tomonlama o‘rganilib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Bu esa hududda tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri