Tezkor zamonda ruhiy salomatlikni asrash – dolzarb masala
Zamon tez va shiddat bilan taraqqiy etmoqda. Kutilmagan burilishlar, keskin o‘zgarishlar, tezkorlik, yuqori axborot oqimi va raqamli texnologiyalar inson salomatligiga ta’sir qilmay qolmaydi. Kundalik hayotda smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar va doimiy onlayn muloqot inson psixikasi va asab tizimiga katta yuklamadir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, axborot ortiqchaligi, doimiy stress, uyqu rejimining buzilishi, kamharakatlik va virtual muhitga ortiqcha bog‘lanish kabi omillar nevrologik va psixosomatik kasalliklar rivojlanishiga turtki bermoqda. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida diqqatni jamlashning qiyinligi, xavotirlanish va emotsional charchoq kabi holatlar ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.
Inson salomatligi tizimida asab tizimi muhim o‘rin tutadi. Nevrologiya — bu markaziy va periferik asab tizimi faoliyati, uning kasalliklari, ularning kelib chiqish sabablari hamda davolash usullarini o‘rganuvchi murakkab va serqirra tibbiyot sohasi. Zamonaviy dunyoda insult, neyrodegenerativ kasalliklar, stress va ruhiy-nevrologik buzilishlar tobora ko‘payib borayotgani ushbu yo‘nalishning ahamiyatini yanada oshirmoqda. Ayniqsa, serebrovaskulyar kasalliklar bugungi kunda global miqyosda o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biriga aylangan.

Texnologiya taraqqiyoti bir tomondan tibbiyot uchun ulkan imkoniyatlar yaratsa, ikkinchi tomondan inson asab tizimiga salbiy ta’sir qilmoqda. Masalan, uzoq vaqt ekran qarshisida o‘tirish markaziy asab tizimi faoliyatiga ta’sir qilib, bosh og‘riqlari, uyqusizlik va neyrovegetativ buzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, bugungi kunda nevrologiya nafaqat kasalliklarni davolash, balki ularning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va psixogigiyena masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratayotgan sohalardan biriga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda tibbiyotda, xususan, nevrologiya sohasida sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Ilg‘or diagnostika usullari, neyrovizualizatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt asosida tahlil qilish imkoniyatlari kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga xizmat qilayotir. Shu bilan birga, neyroreabilitatsiya, multidissiplinar yondashuv va individual davolash protokollarining joriy etilishi bemorlar hayot sifatini yaxshilashda muhim omilga aylanmoqda. Biroq shunga qaramasdan, neyrodegenerativ kasalliklarni to‘liq davolash, shuningdek aholi o‘rtasida profilaktik yondashuvlarni kuchaytirish kabi qator muammolar dolzarbligicha qolmoqda.
Poytaxtimiz hamda Andijonda “Nevrologik kasalliklarni diagnostika qilish, patogenez va davolashning zamonaviy masalalari” mavzusida o‘tkazilgan forum ana shunday dolzarb masalalarning ilmiy va amaliy jihatdan muhokama qilinishiga, sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qildi.
Forum nevrologiya sohasidagi eng dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oldi. Unda zamonaviy klinik tavsiyalar, diagnostika va davolashning innovatsion usullari, neyrosomatika masalalari, shuningdek neyrodegenerativ va serebrovaskulyar kasalliklarga oid ilmiy tadqiqotlar atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan zamonaviy hayot tarzining inson asab tizimiga ta’siri, stress omillarining ortib borayotgani va ularni bartaraf etish bo‘yicha profilaktik yondashuvlar ham mutaxassislar diqqat markazida bo‘ldi. Ayniqsa, multidissiplinar yondashuv, komorbid holatlarni chuqur tahlil qilish hamda neyroreabilitatsiya samaradorligini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, nevrologlar, neyropsixologlar, amaliyotchi shifokorlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdi. Forum Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamda O‘zbekiston nevrologlari jamoat birlashmasi tomonidan tashkil etilgani uning ilmiy salohiyati va amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.
Bunday anjumanlar nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki zamonaviy tibbiyot yutuqlarini amaliyotga joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Nevrologiya sohasidagi izlanishlar va innovatsiyalar esa kelgusida inson ruhiy salomatligini muhofaza qilish, umr sifatini yaxshilash va kasalliklar oqibatlarini kamaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Mohigul Qosimova, O‘zA