“Tez yordam” mashinalari topshirildi
Issiq jonning isitmasi bor. Shunday paytda tez yordam xizmatining vaqtida yetib kelishi va birinchi yordamni ko‘rsatishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Qashqadaryo viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kuni kecha Qashqadaryo viloyatidagi hududiy tez tibbiy yordam xizmatlariga “Volkswagen Caddy” tez yordam avtomobillarining 20 donadan iborat navbatdagi partiyasi topshirildi.

Maxsus mashinalarni o‘z egalariga topshirish uchun tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan bunday zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari tizimda ishlayotgan xodimlar ishini yanada osonlashtirib, ularning chaqiriqlariga tezkor yetib borishi va bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.



-- Prezidentimizning 2022-yil 16-iyundagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasi”ga muvofiq, 2022–2025-yillarda respublika bo‘yicha 2 ming 240 ta, Qashqadaryo viloyatida esa 225 ta tez tibbiy yordam avtomobilini yangilash ko‘zda tutilgan edi, -- deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Qashqadaryo viloyati hududiy filiali rahbari Akmal Aliyev. -- Shunga ko‘ra, ayni vaqtga qadar viloyatda zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari soni 135 taga yetdi. Ularning 91 tasi “Volkswagen Caddy” tez yordam avtomobillari hisoblanadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari