Test natijalari tahlil qilindi
Milliy matbuot markazida 2018-2019 oʻquv yilida oliy harbiy va oliy taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtgan test sinovlari yakuni boʻyicha matbuot anjumani oʻtkazildi.
Milliy matbuot markazida 2018-2019 oʻquv yilida oliy harbiy va oliy taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtgan test sinovlari yakuni boʻyicha matbuot anjumani oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarini adolatli, xolis va shaffof oʻtkazish orqali bilimli yoshlarning oʻqishga qabul qilinishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Davlat test markazi masʼullari mavzuga doir koʻplab maʼlumotlarni aytdi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan joriy yil 5 iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qoʻmitasi tasarrufidagi 8 oliy harbiy taʼlim muassasasida test sinovlari oʻtkazildi. Bu yil 6 ming 66 (2017 yil 7 ming 680) nafar abituriyentdan ariza tushgan boʻlib, test sinovlarini oʻtkazish uchun Toshkent va Jizzax shaharlarida joylashgan 5 katta sigʻimli bino va pavilonlardan foydalanildi.
– Test sinovlarida 5 ming 876 nafar abituriyent ishtirok etgan boʻlsa, 60 nafar abituriyent turli sabablarga koʻra test sinovlarida qatnashmadi, – deydi Davlat test markazi test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi Ulugʻbek Noraliyev. – 130 nafari esa test qoidalarini buzgani tufayli sinovdan chetlatildi. Natijalar oʻz vaqtida hisoblanib, eʼlon qilindi. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan va test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlardan eʼtiroz tushmagan.
Prezidentimizning 2018 yil 4 iyundagi “2018/2019 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasiniing oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga koʻra, joriy yilda kunduzgi, maxsus sirtqi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha 814 ming 952 (2017 yilda 729 ming 947) nafar abituriyent hujjat topshirdi. Bir oʻringa 8,9 (2017 yilda 11,0) nafar abituriyent toʻgʻri keldi. Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent davlat yuridik universitetida davlat granti 223,5 va toʻlov-kontrakt boʻyicha 176,7 eng yuqori oʻtish ballari toʻplangan.
Tadbirda soha mutaxassislari barcha taʼlim shakllari boʻyicha 2018-2019 oʻquv yiliga kirish test sinovlari natijalari xususida soʻz yuritdi. Jurnalistlarning kelgusida test sinovlari jarayonini muntazam rivojlantirib borish, test topshiriqlarining sifatini oshirishga oid savollariga atroflicha javob berdi.