Termizda o‘zbek–afg‘on yengil sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi ochildi
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida bugun O‘zbekiston – Afg‘oniston yengil sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi boshlandi.
Joriy yilning 15-17-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan forumning tantanali ochilish marosimida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov, Prezidentimizning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Afg‘oniston Savdo va sanoat vaziri Nuriddin Azizi va boshqalar keyingi yillarda O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasida rivojlanib borayotgan o‘zaro hamkorlik aloqalari qadimgi do‘stlik rishtalarimizni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. O‘tmishdagi tarixiy yaqinlik endilikda zamonaviy iqtisodiy manfaatlar, o‘zaro savdo, investitsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi bilan yangi bosqichda yuksalayotgani qayd etildi. Ko‘rgazma ishiga omad tiladi.

Mintaqamizda hozircha muqobili yo‘q yirik erkin savdo zonasida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazma ham ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirib, yengil sanoat sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, ishlab chiqaruvchi va eksportyorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan muhim biznes maydoniga aylandi.

Unda O‘zbekistondan 90 dan ortiq, Afg‘onistondan 60 dan ziyod kompaniya vakillari qatnashib, to‘qimachilik, trikotaj, tayyor kiyim-kechak, charm-poyabzal, gilam va boshqa yengil sanoat mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Termizda tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston – Afg‘oniston savdo-iqtisodiy hamkorligini amaliy mazmun bilan boyitib, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida yangi biznes aloqalarini shakllantirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni yanada kengaytirib, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va amaliy kelishuvlarga erishish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

Ko‘rgazmadan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari, matolar, tayyor kiyim-kechaklar, maxsus va ish kiyimlari, paypoqlar, gilamlar, charm va charm mahsulotlari, poyabzal hamda yengil sanoatning boshqa turdagi mahsulotlari o‘rin olgan.
Qashqadaryo viloyatidagi “Bunyodkor tekstil” kompaniyasining ip-kalava, trikotaj va to‘qima matolari, Namangan viloyatidagi “Grant charm poyabzallari” mas’uliyati cheklangan jamiyatining poyabzallari va boshqa korxonalarning sifatli, bejirim mahsulotlari ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Tabiiy, arzon va sifatli mahsulotlarimiz dunyoning Xitoy, Rossiya, Turkiya singari davlatlarida xaridorgir bo‘lmoqda, – deydi “Bunyodkor tekstil” kompaniyasi direktorining savdoni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Shamsiddin Sayfutdinov. – Ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarimizni namoyish etib, qo‘shni davlat bilan ham hamkorlik o‘rnatmoqchimiz.

Ko‘rgazmada afg‘onistonlik tadbirkor Isomiddin Sodiq qo‘shni davlat hunarmandlariga xos bejirim gilam mahsulotlarini namoyish etmoqda.
– Barcha turdagi gilamlarimiz tabiiy mahsulotdan to‘qilgan, – deydi Isomiddin Sodiq. – Arab davlatlari, Turkiya va boshqa mamlakatlarga sotamiz. O‘zbekistonda ham xaridorlarimiz bor. Endilikda O‘zbekistonda gilam to‘qishni yo‘lga qo‘yib, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashni mo‘ljallayapmiz.

Forumda qayd etildiki, O‘zbekistonda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb 11 milliard dollarni tashkil etadi. Mahsulotlarimiz 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinib, hajmi qariyb 4 milliard dollarga yetmoqda. Bugungi ko‘rgazma O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sifatli, zamonaviy va raqobatbardosh to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va boshqa yengil sanoat mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga kengroq olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportyor korxonalarning faol ishtirokini ta’minlab, ularning eksport salohiyatini namoyish etish hamda afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan bevosita biznes aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashmoqda.

Afg‘oniston bozorining geografik yaqinligi, yengil sanoat mahsulotlariga bo‘lgan talabi va mavjud logistika imkoniyatlari O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun muhim eksport istiqbollarini taqdim etadi. Shu ma’noda Termizda o‘tkazilgan ko‘rgazma mahalliy korxonalarning qo‘shni davlat bozoridagi ishtirokini kengaytirib, yangi savdo yo‘nalishlarini shakllantiradi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati va Afg‘oniston ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada yuksaltirib, yangi hamkorlik loyihalarini belgilab beradi.
Surxondaryoning Afg‘oniston bilan bevosita chegaradoshligi savdo, logistika, tranzit va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Mamlakatimiz janubidagi voha nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik maydoni, balki Afg‘oniston uchun O‘zbekiston bozoriga, O‘zbekiston uchun Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo bozorlariga chiqishda muhim iqtisodiy va logistik ko‘prik vazifasini bajaradi. Buning uchun viloyatda avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transportini bog‘lagan zamonaviy logistika tizimi shakllangan.
Viloyat iqtisodiyoti ham barqaror rivojlanmoqda. Shu yilning o‘tgan davrida Afg‘oniston bilan tashqi savdo aylanmasi 188,5 million dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga ko‘pdir.
Viloyatda yiliga 300 ming tonnaga yaqin sifatli paxta xomashyosi yetishtirilib, 90 ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Endilikda paxtani chuqur qayta ishlash, mato, trikotaj va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘rgazmaning dastlabki kunida tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlari, biznes-muloqotlar va ikki tomonlama muzokaralar tashkil etilib, yangi savdo sheriklarini topish, eksport shartnomalarini tuzish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va mavjud hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Ko‘rgazma davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri