Termizda milliy qadriyatlarimiz ulug‘langan kurash musobaqasi o‘tkazildi
Prezident topshirig‘i – amalda
Termiz davlat universitetida oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar o‘rtasida sportning kurash turi bo‘yicha mamlakat musobaqasi hamda Surxondaryo tajribasini ommalashtirishga bag‘ishlangan Respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz joriy yil 26-27-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz davlat universitetida oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar o‘rtasida sportнинг kurash turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazib, viloyat tajribasini joriy etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.

Talaba yoshlar va texnikumlar o‘quvchilari o‘rtasidagi nufuzli musobaqa oldidan tashkil etilgan seminarda ishtirokchilar viloyatda sportni, shu jumladan, kurashni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Termiz davlat universitetida talabalarning sport bilan shug‘ullanib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i R.Mahmudov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, yosh avlodni jismonan sog‘lom kamolga yetkazish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida atroflicha fikr yuritdi. Musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

– Turnir milliy sportimiz bo‘lgan kurashni yanada kengroq targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda, – deydi Termiz davlat universiteti birinchi prorektori Obid Shofiyev. – Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini yoshlar o‘rtasida ommalashtirib, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash ko‘nikmasini mustahkamlash va iqtidorli polvonlarni kashf etish ham maqsad qilingan.

Uch bosqichli bellashuv nizomida oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidan 2 tadan, Toshkent shahri va qolgan viloyatlardan 1 tadan jamoa ishtirok etishi belgilangan. Shunga muvofiq musobaqaning ilk saralash bosqichida yosh polvonlar oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar miqyosida gilamga tushib, o‘z kuchlarini sinovdan o‘tkazdi.

Ikkinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ta’lim muassasalari sportchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Termiz davlat universitetida 23-25-oktabr kunlari tashkil etilgan mamlakat final bosqichida hududiy musobaqalarda g‘olib bo‘lgan 16 ta jamoa ishtirok etdi. Unda erkaklar 66, 81 va +100 kilogramm, qizlar 63 va 78 kilogramm, texnikumlarning o‘g‘il bolalari 60 va 73 kilogramm, qizlar 57 kilogramm vazn toifalarida gilamga tushdi.

– Kurash murosasiz, qizg‘in bahslarga boy o‘tdi, – deydi Sherobod tumanidagi 1-texnikum o‘quvchisi, texnikumlar o‘rtasidagi bellashuvda birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Nazarbek Qudratov. – Men texnikumimiz o‘quvchilari va viloyat musobaqasida 60 kilogramm vazn toifasida g‘olib bo‘lgan edim. Uning mamlakat bosqichida ham gilamga tushib, barcha raqiblarimdan ustun keldim. Bunday katta davrada ilk marta kurashga tushganim uchunmi, andak hayajonlandim ham. Eng muhimi o‘zimga ishonchim mustahkamlandi. Yangi do‘stlar orttirdim. Mamlakatimizdagi tengdoshlarimiz o‘rtasida bunday bellashuvni tashkil etish bizni yanada toblab, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini faxr bilan himoya qilish ko‘nikmamizni oshirishga xizmat qiladi.

Musobaqaning oliy ta’lim tashkilotlari birinchi o‘rin sohiblariga o‘n million so‘m, ikkinchi o‘ringa 7,5 million, ikkita uchinchi o‘ringa 5 million so‘m, texnikumlar o‘quvchilari o‘rtasidagi bellashuv g‘oliblariga birinchi o‘rin uchun besh million, ikkinchi o‘ringa uch va ikkita uchinchi o‘ringa ikki million so‘mdan pul mukofoti, medal va diplom tantanali topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri