Termiz shahrida fotoko‘rgazma ochildi
Termiz shahridagi Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri, taniqli fotorassom Muhammad AMIN (Alimurod Mamadaminov)ning mustaqilligimizning 33 yilligiga bag‘ishlab “Qonimdasan, sport!” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Surxondaryo viloyat hokimligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi, viloyat sport boshqarmasi va Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ma’lumki, joriy yilning 18 may kuni taniqli ijodkorning Jarqo‘rg‘on tumanidagi o‘zi ta’lim olgan 32-maktabda fotoko‘rgazma tashkil etgani haqida xabar bergan edik. U fotosan’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Muzey-qo‘riqxonaga qo‘yilgan suratlar ham ko‘rgazma o‘z ishini boshlagan ilk kundan tomoshabinlar bilan gavjum bo‘ldi.
Maktabdagi ko‘rgazmaning davomi sifatida tashkil etilgan Termizdagi ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko‘chimov, viloyat hokimi o‘rinbosari J.To‘rayev, Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori B. Zulfiqorov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalar qatori turizmni rivojlantirish, muzeylar va sportni qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlarga qaratilayotgan yuksak etibor haqida so‘z yuritdi.
Muzeylarda tashkil etilayotgan rang-barang ko‘rgazmalar, boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarning ham yurtimiz bilan yanada yaqindan tanishishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Alimurod Mamadaminovning ikkinchi shaxsiy fotoko‘rgazmasi muzeyga keladigan tomoshabinlarni mamlakatimiz sportchilarining mustaqillik yillari jahon, xalqaro musobaqalar va Olimpia o‘yinlarida erishayotgan yutuqlari bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh avlodning sportga qiziqish va intilishini yanada kuchaytiradi.
[gallery-17594]
– Muzeyimizda turli mavzuga oid ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar,ko‘rgazmalar tez-tez o‘tkazib turiladi,–deydi muzey-qo‘riqxona nazoratchisi Gulshoda Fozilova.–Yaqinda surxondaryolik mashhur rassom Ro‘zi Choriyev ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan edi. Ko‘pchilik katta qiziqish bilan tomosha qildi.Lekin shu paytgacha fotoijodkor o‘z suratlari ko‘rgazmasini o‘tkazganini eslolmayman.Bu ko‘rgazmada dunyoga dong‘i ketgan sportchilarimiz g‘alaba zavqini totayotgan holatlar aks ettirilgani biz uchun ham, muzeyimiz tomoshabinlari uchun ham katta yangilik bo‘ldi. Buning uchun ko‘rgazma tashabbuskorlaridan minnatdormiz.
Fotoko‘rgazmada mamlakatimizning mashhur sportchilari hayotiga oid yuzdan ortiq noyob surat o‘rin olgan. Ko‘rgazma bir oy davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari