Terim mashinalarining samarasi yuqori bo‘lmoqda
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi “Sardoba Universal Cluster” MCHJ joriy yil paxtachilikda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda korxona Xitoyning yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan 100 dona “FM FORLD” markali zamonaviy paxta terim kombaynlarini xarid qildi. Ayni vaqtda mazkur mashinalar klasterga qarashli maydonlarda hosil yig‘im-terimida samarali faoliyat yuritmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi texnikalar qo‘l mehnatiga bo‘lgan ehtiyojni keskin kamaytiradi, terimdagi yo‘qotishlarni esa minimal darajaga tushiradi. Shuningdek, kombaynlar turli sharoitlarda barqaror ishlay olishi, hosilni tez va sifatli yig‘ib olish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

– Zamonaviy mashinalarning joriy etilishi hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish, davlatga topshiriladigan xomashyo hajmini oshirish va mehnat unumdorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda, – deydi “Sardoba Universal Cluster” rahbari Qahramon Ergashev. – Shu bilan birga, ular xarajatlarni tejash va fermerlar mehnatini yengillashtirishga ham katta yordam bermoqda.

Ayni paytda klaster maydonlarida terim ishlari to‘liq mexanizatsiyalashtirilgan holda olib borilmoqda. Bu esa samaradorlikni oshirish, xarajatlarni qisqartirish hamda paxtachilikni barqaror rivojlantirishda qo‘l kelmoqda.


Ma’lumki, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. “Sardoba Universal Cluster”ning bu tashabbusi esa mazkur islohotlarning amaldagi yorqin ifodasi bo‘lib, hududda paxtachilikning barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri