Tergov sudyalari nima ish qiladi?
Yangi farmon
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar orasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
Prezidentimizning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquqi va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham o‘tgan yillar mobaynida inson huquqlarini himoya qilish borasidan olib borilgan islohotlar yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur farmonga asosan, eng avvalo, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tergov sudyasi lavozimi kiritiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudsi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi.
Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi va tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Shu o‘rinda, tergov sudyasi o‘zi kim, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Tergov sudyasi jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar bo‘lgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning o‘z huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.
Vakolat doirasiga ko‘ra, tergov sudyasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksida ko‘rsatilgan ishni sudga qadar yuritish jarayonida sudning qarori (ajrimi) talab qilinadigan protsessual harakatlar bo‘yicha sud vakolatlarining barchasi o‘tkaziladi.
Prezident farmoniga muvofiq, tergov sudyasi quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan, sanksiyalarni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘ladi. Tergov sudyasiga jinoyat materiallarini, shu jumladan, bir qator quyidagilar bo‘yicha quyidagi majburlov choralari qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berildi. Shuningdek, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatmalarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi.
Sud tizimining mustaqilligi uning boshqa biror-bir organga bo‘ysunmasligi kerakligini anglatadi. Sud tizimi ichki va tashqi barcha bosim va tortishishlardan xoli bo‘lishi kerak. Sud tizimining mustaqilligi barcha demokratik mamlakatlarda odamlarning asosiy huquqlarini himoya qilish uchun muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi belgilangan. Shu sababli tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmonga asosan, qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi. Bu sudyalar sud jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ular adolatni ta’minlash va barcha ishtirok etuvchi tomonlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javobgardir.
Adolatli va xolis sudyalar bizning huquqiy tizimimiz faoliyati uchun juda muhimdir, chunki ularga odamlar hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan qiyin qarorlarni qabul qilish vazifasi yuklatilgan.Adolatli va xolis sudyalar sud hokimiyatining boshqa hokimiyat tarmoqlaridan mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu mustaqillik huquqiy tizimning ishlashi uchun juda muhimdir, chunki u qarorlar siyosiy ta’sirga emas, balki qonun asosida qabul qilinishini ta’minlaydi. Sudyalar barcha tomonlarga teng munosabatda bo‘lishi va adolatga xizmat qilishi uchun xolis bo‘lishi kerak.
Masalan, sudyalarning qaror qabul qilishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan shaxsiy tarafkashlik yoki manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi kerak. Sudyalarning xolisligi, shuningdek, jamoatchilikning sud tizimga bo‘lgan ishonchini saqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Agar odamlar sudyalar xolis emasligiga ishonishsa, ular sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi, bu esa qonun ustuvorligi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Adolatli va xolis sudyalar ham inson huquqlarini himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sudyalar kelib chiqishi va maqomidan qat’iy nazar, ishda ishtirok etuvchi barcha tomonlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi shart.
Konstitutsiyamizning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar, deb belgilangan. Qonun oldida tenglik bu qonunlar barcha fuqarolarga teng ravishda tatbiq etilishi kerakligini ta’kidlaydi: sodda qilib aytganda, hech kim qonundan ustun emas.
Har qanday sud tizimining asosiy vazifasi ichki tinchlikni saqlashga yordam berishdir. Samarali va mustaqil sud tizimining mavjudligi fuqarolarning huquqlari buzilganda sudga murojaat qilishiga imkon beradi. Sud tizimining asosiy vazifasi odamlar uchun adolatni ta’minlashdir. Sudga murojaat qilinganda, sudya o‘sha paytda mavjud bo‘lgan tegishli qonunlarni qo‘llash orqali tomonlar uchun adolatni ta’minlash uchun javobgardir.
Inson huquqlarini himoya qilish jamiyatning barqaror va izchil rivojlanishining ajralmas qismidir. Jamiyatning barcha a’zolari teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lgan taqdirdagina barqaror ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishga erishish mumkin. Inson huquqlarini himoya qilish jamiyatlarning iqtisodiy barqarorligi va farovonligiga ham ta’sir qiladi. Agar Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan huquqlar himoya qilinmasa, jamiyat ziddiyat va beqarorlikka olib keladigan ijtimoiy tengsizlikka moyil bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, sud-tergov faoliyati sohasidagi islohotlar Konstitutsiya ustuvorligi, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir.
Adhamjon Mirzayev,
Namangan viloyati sudi raisining o‘rinbosari, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.
O‘zA