TerDU energiya mustaqilligiga erishdi
Qaror va ijro
Subhidamda etni junjiktiradigan kuzning salqin shabadasi va dov-daraxtlarda sarg‘ayib yerga tushayotgan yaproqlarning sokin shivirlashi yurtimizga yana qorli-qirovli kunlar kelishidan darak bermoqda. Sovuq havoda elektr energiyasiga tushadigan yuklamalar ortishi kutilmagan nosozliklarni keltirib chiqarmasligiga kafolat berib bo‘lmaydi. Bu masalada o‘tgan qishdagi izg‘irinli kunlar ham xalqimizga jiddiy saboq bo‘ldi.

Xo‘sh, bu yilgi qish faslida muassasa, tashkilot va korxonalarda, xizmatlar ko‘rsatish nuqtalariyu, aholi xonadonlarida elektr energiyasi taqchilligiga chek qo‘yish imkoniyati mavjudmi?
– Agar istak, hafsala bo‘lsa, zarur mablag‘ sarflansa, albatta, mavjud ekan, – deydi Termiz davlat universiteti axborot xizmati rahbari Gulruh Mengliyeva. – Bu masalaning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish orqali juda oson hal etilishiga guvoh bo‘ldim. Shu yo‘l bilan universitetimiz to‘liq energiya mustaqilligiga erishdi. Buni joriy etgan yuridik va jismoniy shaxslarga imtiyozlar berilgan. Ehtiyojdan ortiqcha energiyani sotib, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati ham yaratilgan.

Janubdagi viloyatning eng yirik oliy ta’lim muassasasidagi hamkasbimning ishonchli ohangdagi bu so‘zlaridan angladimki, universitet qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatib, sinovdan o‘tkazgan. Mutaxassislarida bo‘lajak qish qattiq sovuq kechsa ham, quyosh panellarining pand bermasligiga qat’iy ishonch hosil bo‘lgan.
Mutasaddilarning aytishicha, Termiz davlat universiteti Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida dastlab binolarga qiymati 11 milliard 220 million so‘mlik 1 ming 20 kVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatishni belgilab olgan. Biroq rejaga o‘zgartish kiritib, universitet va uning qoshidagi ta’lim muassasasi binolariga quvvati 1 ming 500 kVt bo‘lgan 2 ming 738 dona quyosh paneli o‘rnatgan. Buning uchun 16 milliard 191 million so‘m mablag‘ sarflangan.

–O‘tgan qishning sovuq va yozning jazirama issiq kunlarida elektr energiyasidagi uzilishlar bizni ham, talabalarimizni ham andak behalovat qilib qo‘ygan edi,–deydi Termiz davlat universiteti bosh energetigi Latif To‘raqulov.– Quyosh panellarini ishga tushirganimizdan so‘ng ko‘nglimiz ancha xotirjam tortdi. Chunki, hududda qurilma uchun yilning to‘rt faslida ham ishonchli quyosh nuri bor. U ishlab chiqarayotgan energiya o‘zimizniki. O‘rnatilgan barcha quyosh panellari Bojxona qo‘mitasining "Yashil energiya" platformasiga kiritildi. Ehtiyojdan ortiqcha elektr energiyasini sotish uchun mahalliy energetiklar bilan shartnoma ham tuzib qo‘ydik. Xullas, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq masalalarimiz yechimini topdi. Ha, aytgancha o‘tgan qisqa davrda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga ehtiyojimizdan ortgan 54 ming kVt elektr energiyasi sotildi.

Tahlillarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi binolariga quyosh panellarini o‘rnatish bir kunda 7,2 ming kV/t, bir oyda 214,5 ming, bir yilda esa 2 million 609 ming kVt quvvatda 2 milliard 265 million so‘mlik elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatini yaratdi. Yoki yiliga 2 milliard 265 million so‘m miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilinadigan bo‘ldi.
Mamlakatimizning yerosti va yerusti boyliklaridan oqilona foydalanilib, har yili yangi-yangi zamonaviy korxonalar bunyod etilayotgani, so‘nggi yillarda tadbirkorlarning ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga katta ishtiyoq bilan yondashayotgani, yangi turar joy binolari, ijtimoiy soha inshootlari qad rostlayotgani elektr energiyasiga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Shuningdek, ayrim hududlardagi eskirgan elektr uzatish tarmoqlari, yuqori va past kuchlanishli transformatorlar qishning sovuq, yoz faslining jazirama issiq kunlarida ortiqcha yuklamalarni ko‘tarolmay tarmoqdan uzilib qolish hollari ham uchramoqda. Bu jarayonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish muammoga yechim topishning eng maqbul yo‘liga aylanmoqda. Elektr energiyasi bilan bog‘liq vaziyatni chuqur anglagan yurtdoshlarimiz quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatib, tashkilot, muassasa va xonadonlarda energiya taqchilligiga chek qo‘ymoqda.
Soha mutasaddilarining ma’lum qilishicha, viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 700 ta ijtimoiy soha ob’ekti va davlat idoralariga 13,10 MVt quvvatli, 2 ming 760 aholi xonadoniga 7,26 MVt quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatildi. Ikkita ko‘p qavatli yangi uy zamonaviy quyosh panellari bilan jihozlandi. 637 tadbirkorlik sub’ekti 7,5 MVt quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalana boshladi.
Surxondaryoliklar uchun quyosh paneli eng qulay va ishonchli elektr manbai. Yilning to‘rt faslida ham vohaga quyosh nur taratib turadi. Tabiat in’om etgan bu boylikdan oqilona foydalanish uchun Termiz davlat universitetidagi hamkasbim aytganidek, istak va hafsala bilan zarur mablag‘ni sarflash kerak, xolos.
Ha, aytgancha, ushbu maqola tayyorlanayotganida Termiz davlat universiteti axborot xizmati rahbari Gulruh Mengliyeva qo‘ng‘iroq qilib, oliy ta’lim muassasasi Termiz shahridagi 1,5 gektar maydonda yana 1000 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatganini ma’lum qildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri