Tennischilarimiz yarim finalda
Tennis boʻyicha kattalar, yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida Tailand, Belgiya hamda Qirgʻizistonda oʻtkazilayotgan xalqaro turnirlarda sportchilarimiz mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Tennis boʻyicha kattalar, yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida Tailand, Belgiya hamda Qirgʻizistonda oʻtkazilayotgan xalqaro turnirlarda sportchilarimiz mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sabina Sharipova Tailandning Nontaburi shahrida oʻtkazilayotgan turnirning yakkalik bahslarida yarim finalga yoʻl oldi. Sabina 1/4 final bosqichida tailandlik Chomputip Jundakateni 6:1, 6:3 hisobida magʻlubiyatga uchratdi va final yoʻllanmasi uchun oʻtadigan oʻyinda turkiyalik Ipek Soylu bilan raqobatlashadigan boʻldi.
Juftlik bahslarida esa S.Sharipova meksikalik Viktoriya Rodrigez bilan birgalikda mezbonlar vakili Mananaya Savangkayev va Tamarine Tanasugarnni yarim finalda 7:6, 6:1 hisobida taslim qildi. Endi ular soʻnggi hal qiluvchi final bosqichida AQSH vakillari Lorrayn Jillermo hamda Maygan Manass bilan bosh sovrin uchun kuch sinashadi.
Belgiyada Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “J1” tasnifidagi “Charleroi-Marcinelle” turnirida hamyurtimiz Sergey Fomin chorak final bellashuvida belgiyalik Gotye Onklinga qarshi oʻyin oʻtkazadi va 6:3, 6:2 hisobida zafar quchib, yarim finalda rossiyalik Alibek Kachmazovning raqibiga aylandi.
Turnirning juftlik bahslarida Sergey avstraliyalik Stefan Storch bilan birgalikda bosh sovrin uchun oʻtadigan oʻyinda belgiyalik Piyerre Yevas Bali va Aleksandra Xugmartens tandemiga qarshi kortga tushadigan boʻldi.
Qirgʻizistonda oʻsmirlar oʻrtasida oʻtayotgan Bishkek ochiq birinchiligining chorak finalida Bekzod Rasamatov fransiyalik Jillian Osmontni, David Bagrinovskiy qozogʻistonlik Alibek Aydaralini, Abdurahmon Saidmuhamedov hindistonlik Aditya Choprani magʻlubiyatga uchratdi.
Shu tariqa yarim finalda Bekzod va David oʻzaro raqobatlashadigan boʻldi. Shuningdek, mazkur bosqichda Abdurahmon qozogʻistonlik Danil Ozernoyni sinovdan oʻtkazadi.
