Tennis: Barmicheva "Rolan Garros" final bosqichiga yo‘llanma oldi
O‘zbekistonlik yosh tennischi xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatdi. Nufuzli "Roland-Garros Junior Series" saralash bosqichidagi muvaffaqiyat Yaponiyadagi finalga yo‘l ochdi.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan tennischilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Roland-Garros Junior Series by Renault – West and Central Asia” saralash turnirining qizlar o‘rtasidagi bahslarida O‘zbekiston vakili Aleksandra Barmicheva barcha raqiblaridan ustun kelib, birinchi o‘rinni egalladi.
Bu A.Barmichevaga joriy yilning oktabr oyida Yaponiyada o‘tkaziladigan “Roland-Garros Junior Series” final bosqichida ishtirok etish imkonini beradi. Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan final bosqichida yosh tennischilar 2027-yilgi “Roland-Garros Junior” turnirining asosiy to‘riga yo‘llanma uchun bahs olib boradi.
Shu tariqa Aleksandra Barmicheva O‘zbekiston yoshlar tennisi uchun muhim natija qayd etib, xalqaro maydondagi navbatdagi musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA