Tender savdolarida kamchiliklar aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “2024 yil 1-yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va 2-yarim yillikdagi ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda boshqarma boshlig‘i Anvar Muhammadiyev so‘zga chiqib amalga oshirilgan ishlar, kelgusida belgilangan ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, boshqarma tomonidan 2024 yil 6 oy davomida jami 128,2 milliard so‘mlik 530 ta tanlov (tender) savdolarida o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 119,6 milliard so‘mlik 526 ta tanlov(tender) savdolari yoki 99,2 foizida 534 ta kamchiliklar aniqlangan. Ushbu aniqlangan qonun buzilishlar yuzasidan 41 ta buyurtmachiga majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi va barcha buyurtmachilar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organlariga yuborilgan.
Shuningdek, 1 ta buyurtmachiga nisbatan savdolarda raqobat qonunchiligi buzilishi holati yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, 256 million so‘m jarima qo‘llanilgan.

– 2024 yilning 1-yarim yilligi davomida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan qariyb 7 milliard 444 million so‘m ortiqcha olingan daromadlar aniqlandi hamda ushbu mablag‘larni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, – deydi A.Muhammadiyev. – Jumladan, “Issiqlik manbai” DUK gaz ta’minoti korxonasi tomonidan korxonaning Uchquduq filiali iste’mol qilgan tabiiy gaz hisobga olish pribori ko‘rsatkichlari orqali hisob-kitob qilinmayotganligi, shuningdek, tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni qo‘shib hisoblayotganligi yuzasidan murojaat qilgan edi. O‘rganish davomida “Issiqlik manbai” DUKga gaz ta’minoti korxonasi tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni hisoblanishi natijasida 2 milliard 423 million 376 ming so‘m ortiqcha to‘lov hisoblanganligi aniqlandi. Shuningdek, “Issiqlik manbai” DUKga “Navoiy IES” AJ tomonidan 2020-2022 yillarda issiqlik energiyasini issiqlik ta’minoti korxonasi uchun belgilangan narxda emas, balki aholi va ulgurji narxlarda hisob-faktura taqdim etib kelganligi aniqlanib, shu yillar davomida 4,5 milliard so‘m ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi.
Boshqarma tomonidan 7 ta tuman va shahar hokimliklari hamda 3 ta mahalliy davlat boshqaruvi organlarida qabul qilinayotgan huquqiy-normativ hujjatlari “yex-post” usulida o‘rganildi.
O‘rganishlar jarayonida 2024 yil yanvar-iyun oylarida tuman va shahar hokimliklari tomonidan qabul qilingan (qaror, farmoyish, bayonnoma va x.k.) hujjatlar “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqligi yuzasidan 17692 ta, shundan, 1947 ta qaror, 1554 ta yig‘ilish bayoni, 1723 ta farmoyish, 12468 ta chiqish xatlari xatlovdan o‘tkazildi. Shuningdek, hokimliklarning regulation.gov.uz portalida muhokama uchun qo‘yilgan qarorlari muntazam ravishda o‘rganib borilmoqda. O‘tgan davr mobaynida 10 ta qaror loyihasiga tegishli xulosa berildi.
Boshqarma tomonidan tovar xom-ashyo birjalarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarning qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan ham monitoring va nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Joriy yil 1-yarim yillikda 12 ta korxona tomonidan 13 turdagi 759,5 ming tonna mahsulot 2 trillion 737 milliard 230,3 million so‘mga sotilgan.
Ammo monitoring davomida “Karmana moy invest” MCHJ tomonidan birja savdolariga majburiy ravishda qo‘yilib sotilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar (paxta yog‘i, shrot va sheluxa)ni tasdiqlangan jadvallarga asosan qo‘ymaganligi aniqlangan. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabardor qilinib, korxonada tekshiruv o‘tkazilgan. Yakunda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilib, qonunbuzilish holati bartaraf etildi.
Shuningdek, rejaga asosan zarur turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan parranda go‘shti, tuxum, paxta va o‘simlik yog‘i, un mahsulotlari, qolipli non, shakar, qadoqlangan sut hamda mol go‘shti bo‘yicha o‘rganish olib borilib, natijalari yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar tuman(shahar) hokimliklariga kiritildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashqi reklama bozori sohasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ishchi guruhlari tomonidan Navoiy shahridagi davlat tiliga zid bo‘lgan 1003 ta, “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid bo‘lgan 1716 ta yozuvlar bartaraf etildi. Shuningdek, Karmana tumanida tashqi reklama va axborot ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida 83 ta reklama qonunchiligi talablariga zid bo‘lgan tashqi reklama vositalari aniqlanib, ularning 67 tasi joyida (demontaj qilish orqali) bartaraf etildi va 16 ta tadbirkorlik sub’ektlariga tuman hokimligi tomonidan ogohlantirishlar berildi.
Shu bilan birga, Karmana tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan noqonuniy o‘rnatilgan 5 ta tashqi reklama ob’ektlarini majburiy tartibda demontaj qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Matbuot anjumanida soha vakillari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri