Temir yo‘l xizmatlaridan foydalanuvchilar soni sezilarli darajada oshgan
Temir yo‘l — uzoq manzillarni yaqinlashtiruvchi, millionlab odamlarni bir hududdan boshqasiga yetkazuvchi muhim transport tarmoqlaridan biri.
Ayniqsa, aholi harakatchanligi ortib, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy aloqalar kengayib borayotgan bugungi sharoitda temir yo‘l xizmatlariga bo‘lgan talab ham tobora kuchaymoqda. Buni yo‘lovchi tashish hajmidagi o‘sish ham yaqqol ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda temir yo‘l tarmog‘ida boshlangan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi. 2026-yilning yanvar-iyun oylarida temir yo‘l orqali qariyb 5,9 million nafar yo‘lovchi tashilgani bu yo‘nalishga bo‘lgan talab saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6 million nafarga ko‘p. Ya’ni, yarim yil davomida temir yo‘l xizmatlaridan foydalangan yo‘lovchilar soni sezilarli darajada oshgan.
Bu o‘sishni aholi harakatchanligining ortishi, hududlar o‘rtasidagi qatnovlarning faollashuvi hamda temir yo‘l transportining nisbatan qulay va xavfsiz harakatlanish vositasi sifatidagi ahamiyati bilan izohlash mumkin.
Temir yo‘lning iqtisodiyotdagi o‘rni esa faqat yo‘lovchi tashish bilan cheklanmaydi. 2026-yilning birinchi yarmida ushbu transport turi orqali 56,3 million tonna yuk tashilgan. 2026-2030-yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Sohada sohasida xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish ham ko‘zda tutilgan.
Umuman, yarim yillik natijalar temir yo‘l transportida ham yo‘lovchi, ham yuk tashish hajmi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Bu esa transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qatnovlar sifatini oshirish va yo‘lovchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalasini dolzarb vazifalardan biri sifatida namoyon etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA