“Temir daftar” , “Ayollar daftari”dagi muammolar o‘rganildi
O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi Ayollar qanoti tomonidan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 133-maktabida 9 ta mahalla faollari ishtirokida “Ayollar daftari” va “Temir daftar” bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Ushbu tadbir mamlakatimizda xotin-qizlar hamda ijtimoiy himoyaga muxtoj axoli qatlamining extiyojlarini qondirish, talab va takliflari asosida tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” bo‘yicha mahallabay, fuqarobay ishlarni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bu borada har bir mahallaga mutasaddilar biriktirilgan. Mahalliy Kengash deputatlari ham mazkur ishlarning borishida o‘z vakolatlari doirasidagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Tadbirda ishtirok etgan Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov partiyaning ushbu tizim bo‘yicha olib borayotgan targ‘ibot hamda ko‘mak ishlari bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Shuningdek, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari bilan birga “Ayollar daftari” va “Temir daftar” bo‘yicha Olmazor tumanida bajarilayotgan ishlar holati bilan yaqindan tanishdi. Mahalla faollari va aholi tomonidan bildirilgan taklif hamda fikrlarni o‘rgandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ishlarning samarali ishlashi uchun keng tushunchalar berib o‘tildi.
Ta’kidlash kerakki, bildirilgan takliflarda ko‘pchilik ushbu tizimning mazmun-mohiyati haqida yetarlicha bilim va tasavvurga ega emasligi oydinlashdi. Shundan kelib chiqib deputatlar “Ayollar daftari” va “Temir daftar” ga qanday fuqarolar kiritilishi, ularga ko‘rsatiladigan yordamlarning nimalarda aks etishi, ularni ushbu daftarlardan qanday holatda va qay tartibda chiqarilishi bo‘yicha ham ma’lumotlar aytib o‘tildi.
Tadbir davomida shu kungacha “Ayollar daftari” va “Temir daftar”dan kimlar ijtimoiy yordam olganligi va nima sababdan ekanligi bo‘yicha mahalla vakillari so‘zga chiqdi. Shuningdek, ro‘yxatda navbatda turganlar va murakkab muammoli holatlar ham tilga olindi. Masalan, tumandagi Xoncharbog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi Dilfuza Alimova o‘zi va farzandining nogironligi, ayni paytda onkologik xastaligi va uy-joyga muhtojligi uchun “Temir daftar”ga kiritilgan. Deputatlar tomonidan bu turdagi ehtiyojmand aholiga uy-joy uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratilishi belgilanganligi va uni olishdagi tartib-qoidalar bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi.
Mehriniso BOBONAZAROVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Toshkent shahar Kengashi
matbuot kotibi