Telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi belgilandi
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibi belgilandi. Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori 24-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, hujjat rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Yangi tartib joriy etilgach, fuqarolar pul yuborishda oluvchining bank hisobvarag‘i yoki bank kartasi rekvizitlarini kiritishi shart bo‘lmaydi. Buning uchun oluvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvarag‘iga bog‘langan bo‘lishi kifoya.
Pul o‘tkazmalari Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshiriladi. Bir bank doirasida bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobvarag‘iga biriktirish mumkin.
Telefon raqamini hisobvaraqqa bog‘lash yakunlangach, maxsus «bog‘lash kodi» shakllantiriladi. Fuqaro ushbu bog‘lanishni istalgan vaqtda mobil ilova orqali yoki bankka bevosita murojaat qilib bekor qilishi mumkin.
Pul o‘tkazish qanday amalga oshiriladi?
Pul yuboruvchi bank mobil ilovasida oluvchining telefon raqami yoki «bog‘lash kodi»ni kiritadi. Shundan so‘ng tizim oluvchining hisobvarag‘i haqidagi ma’lumotlarni aniqlaydi.
O‘tkazmani tasdiqlashdan oldin foydalanuvchiga oluvchining F.I.O., banki va vositachilik haqi haqida ma’lumot ko‘rsatiladi. Shundan keyin to‘lovchi operatsiyani tasdiqlaydi.
Mobil ilova orqali amalga oshiriladigan bunday o‘tkazmalar 24/7 rejimida, real vaqtda bajariladi. Bankka bevosita murojaat orqali amalga oshiriladigan o‘tkazmalar esa bankning ish kunlari va ish vaqtida bajariladi.
Qarorda axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, firibgarlikning oldini olish bo‘yicha talablarga rioya etish majburiyligi ham belgilangan.
O‘tkazma muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, to‘lovchiga operatsiyani tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Unda o‘tkazma sanasi va vaqti, to‘lov tizimidagi raqam, banklar nomi, to‘lovchi va oluvchi ma’lumotlari, shuningdek, o‘tkazma va vositachilik haqi summasi ko‘rsatiladi.
Shunday qilib, yangi tizim ishga tushgach, fuqarolar pul yuborish uchun oluvchining bank rekvizitlarini izlab o‘tirmasdan, mobil telefon raqami orqali mablag‘ o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA