Tejamkor va ekologik xavfsiz
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Angren” maxsus industrial zonasiga sarmoyadorlarning qiziqishi tobora ortib borayotgani samarasida Ohangaron vohasi taraqqiyot va imkoniyatlar zaminiga aylanmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Angren” maxsus industrial zonasiga sarmoyadorlarning qiziqishi tobora ortib borayotgani samarasida Ohangaron vohasi taraqqiyot va imkoniyatlar zaminiga aylanmoqda.
Elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, zamonaviy qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kabi qator tarmoq va yo‘nalishlar bilan birga konchilik sanoatida ham faol investitsiya muhiti yaratildi. Mavjud resurslardan kompleks va samarali foydalanildi, ishlar puxta ishlangan loyiha asosida amalga oshirilib, aholining kundalik hayotiga yaraydigan tovarlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyatidan qiyos. Ma’lumki, mazkur korxona tarkibidagi konlardan juda katta miqdorda ko‘mir qazib olinadi. Lekin bu jarayonda paydo bo‘ladigan kukundan shu paytga qadar foydalanilmagan.
Industrial zona hududida tashkil etilgan “Jun long industrial” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ana shu xomashyodan ko‘mir briketi ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.
2013-yilda 3,2 million dollarlik sarmoya evaziga ish boshlagan mazkur korxonada 70 ga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Ularning 40 foizi kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.
– Shahrimizdagi politexnika kasb-hunar kollejini bitirib, shu yerda ish boshladim, – deydi Ismoil Imomnazarov. – O‘zimga har tomonlama qulay ish topganimdan, qishning sovuq kunlarida mamlakatimiz aholisini yetarli darajada yoqilg‘i bilan ta’minlashga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shayotganimdan xursandman.
Kuniga 150 tonna kukunni qayta ishlab, 90 tonnagacha ko‘mir briketi tayyorlash quvvatiga ega mazkur korxonada o‘tgan yili 200 million so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi.
– Ko‘mir briketi asosan silindr hamda cho‘zinchoqsimon shaklda tayyorlanadi, – deydi “Jun long industrial”ning ishlab chiqarish bo‘lim boshlig‘i Saminjon Mahkamov. – Bu mahsulot an’anaviy ko‘mirdan yoqish va isitishda ancha qulayligi, atrof-muhitga ta’sirining kamligi, muayyan haroratni o‘zida uzoq vaqt saqlab turishi bilan ajralib turadi.
O‘tgan yili poytaxtimizda o‘tkazilgan VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida ushbu korxona vakillari ham ishtirok etib, turli iqtisodiy va ijtimoiy muassasalar bilan o‘ttizga yaqin shartnoma imzoladi. Shuning hisobidan ko‘mir briketi ishlab chiqarish hajmi yana 30-40 foizga ortadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.