“TechnoWays”: yoshlarni birlashtirgan loyiha
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti madaniyat saroyida “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni respublika bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, tadbirkorlar, marafonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari va hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 100 nafardan ortiq innovator yosh, shuningdek, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni oliy ta’lim muassasalaridagi ilmga chanqoq, iqtidorli yoshlarning innovatsiya, startap, texnologiya, dasturlash borasidagi bilimlarini oshirish, loyihalar yaratish hamda tijoratlashtirish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Marafonning oliy ta’lim muassasalari va hududiy bosqichlari dasturiy ta’minot va texnologik yechim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy hamda innovatsion g‘oyalar, loyihalar, shuningdek, tashabbuslari bor 30 yoshgacha bo‘lgan minglab istiqbolli hamda innovator yoshlarni birlashtira olgan yirik loyihalardan biriga aylandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, 11 oktyabrgacha davom etadigan mazkur marafonda ishtirokchilar “3D modellashtirish”, “DroneRacing” yo‘nalishlarida onlayn hamda amaliy tarzda innovatsion g‘oyalar yaratish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Marafonda ishtirokchilar tegishli yo‘nalishlar kesimida o‘zlarining innovatsion hamda dasturiy loyihalari taqdimotini o‘tkazadi. Ishtirokchilarning innovatsion loyihalari tegishli soha mutaxassislaridan iborat ekspertlar tomonidan baholanadi. Shuningdek, marafon doirasida ishtirokchilar bilan birgalikda turli xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etiladi.
Tadbir oliy ta’lim muassasalarining qobiliyatli talabalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.