TDT doirasida transport yo‘laklari: O‘zbekiston mintaqaviy logistika markaziga aylana oladimi?
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish, xalqaro tranzit yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va o‘zaro savdo hajmini oshirish bugungi kunning muhim strategik vazifalaridan biriga aylanmoqda. Global savdo yo‘nalishlari qayta shakllanayotgan, geosiyosiy raqobat kuchayayotgan va mamlakatlar tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilayotgan hozirgi sharoitda transport infratuzilmasi nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki tashqi iqtisodiy mustaqillikning ham muhim omili bo‘lib bormoqda.
Ayniqsa, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi xalqaro transport yo‘nalishlarini rivojlantirishda Markaziy Osiyoning geostrategik ahamiyati alohida o‘rin tutadi. Mintaqa markazida joylashgan O‘zbekiston uchun bu jarayon yangi imkoniyatlar bilan birga muayyan vazifalarni ham yuzaga keltiradi. Asosiy masala mamlakatning qulay geografik joylashuvini barqaror iqtisodiy daromad, raqobatbardosh logistika xizmatlari va xalqaro savdodagi mustahkam mavqega aylantirishdan iborat.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Nuriddin Qalqonov ta’kidlashicha, bugungi geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida transport yo‘laklari oddiy yuk tashish yo‘nalishlari doirasidan chiqib, davlatlarning tashqi savdo imkoniyatlari, iqtisodiy barqarorligi va xalqaro raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik vositaga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, TDT doirasida transport hamkorligini chuqurlashtirish O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy jarayonlardagi o‘rnini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega.

– Yurtimizning mintaqaviy logistika markaziga aylanish imkoniyati, avvalo, uning geografik joylashuvi, ishlab chiqarish salohiyati va xalqaro bozorlar bilan bog‘lanish darajasiga bog‘liq. Biroq geografiyaning o‘zi iqtisodiy ustunlikni kafolatlamaydi. Buning uchun transport yo‘laklarini o‘zaro integratsiya qilish, chegara va bojxona tartiblarini soddalashtirish, zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikni amaliy natijalar bilan mustahkamlash zarur, – deydi N. Qalqonov.
O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirishda Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, ya’ni O‘rta koridor alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur yo‘nalish Xitoy va Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi. Ushbu yo‘nalishning rivojlanishi xalqaro yuk tashish marshrutlarini diversifikatsiya qilish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqalararo iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘lkamiz uchun bu jarayondagi asosiy vazifa mavjud transport yo‘nalishlaridan foydalanish bilangina cheklanmasdan, ular o‘rtasida samarali bog‘liqlikni ta’minlashdir. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasining amalga oshirilishi mamlakatning sharqiy yo‘nalishdagi transport imkoniyatlarini kengaytirishi, keyinchalik esa boshqa xalqaro koridorlar bilan integratsiyalashuvi uchun qo‘shimcha sharoit yaratishi mumkin.
Ushbu temir yo‘lning ahamiyati faqat Xitoydan O‘zbekistonga yuk tashish bilan cheklanmaydi. Uning mintaqaviy transport tizimiga qo‘shilishi Markaziy Osiyoning Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq hamda Yevropa bozorlari bilan iqtisodiy aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin. Biroq bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanish temir yo‘lning boshqa transport tarmoqlari bilan bog‘lanishi, yuk oqimlarining barqarorligi va tranzit jarayonlarining iqtisodiy jihatdan samarali tashkil etilishiga ham bog‘liq.
– O‘rta koridor va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini alohida-alohida tashabbuslar sifatida emas, balki o‘zaro to‘ldiruvchi transport tizimining muhim bo‘g‘inlari sifatida ko‘rish lozim. Agar ushbu yo‘nalishlar yagona logistika zanjiri doirasida samarali bog‘lansa, O‘zbekistonning xalqaro savdo tarmoqlaridagi ahamiyati ortadi. Bu esa mamlakatni faqat tranzit hududi emas, balki yuklarni taqsimlash, qayta ishlash, saqlash va qo‘shimcha qiymat yaratish xizmatlari rivojlangan mintaqaviy markazga aylantirish uchun zamin yaratadi, – deydi ekspert.
TDT doirasida transport sohasidagi hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. Jumladan, 2022-yil 11-noyabrda Samarqandda TDTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risidagi bitim imzolangan va tashkilotning transport bog‘liqligi dasturi qabul qilingan.
Joriy yil 23-aprel kuni Bishkek shahrida TDTga a’zo davlatlar transport vazirlarining to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda transport jarayonlarini soddalashtirish, raqamlashtirish va O‘rta koridor infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunida xalqaro avtomobil yuk tashuvlarida elektron yuk xati – e-CMR tizimini joriy etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu transport hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish va davlatlar o‘rtasidagi axborot almashinuvini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Mazkur tashabbuslarning ahamiyati shundaki, xalqaro transport yo‘lagining samaradorligi faqat temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari va terminallar mavjudligi bilan belgilanmaydi. Yukning bir mamlakatdan boshqasiga qancha vaqtda yetib borishi, chegaralarda qancha muddat kutilishi, hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari va logistika xizmatlarining sifati ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
– Bugungi kunda transport sohasidagi raqobat faqat masofa bilan emas, balki vaqt, xarajat, ishonchlilik va xizmatlar sifati bilan ham o‘lchanadi. Agar O‘zbekiston yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirsa, chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirsa va logistika xizmatlarining barqarorligini ta’minlasa, mamlakatning xalqaro transport bozoridagi raqobatbardoshligi sezilarli darajada oshadi. Shu ma’noda, raqamlashtirish transport infratuzilmasini rivojlantirishning ajralmas qismi bo‘lishi kerak, – deydi N.Qalqonov.
Ekspert tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning mintaqaviy logistika markaziga aylanishi katta iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. Tranzit tashuvlarining ko‘payishi transport va logistika xizmatlaridan tushadigan daromadlarni oshirishi, yangi ish o‘rinlarini yaratishi, omborxona xo‘jaligi, bojxona brokerligi, yuklarni sug‘urtalash va ekspeditorlik xizmatlarini rivojlantirishi mumkin. Shuningdek, logistika infratuzilmasining takomillashishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Biroq bu maqsadga erishish bir qator muammolarni hal etishni talab qiladi. Avvalo, O‘zbekistonning jahon okeaniga bevosita chiqish imkoniga ega emasligi va kamida ikki davlat hududi orqali dengiz portlariga yetib borish zarurati transport xarajatlari hamda tashqi savdo yo‘nalishlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun muqobil koridorlarni rivojlantirish mamlakat iqtisodiy xavfsizligi va tashqi savdo barqarorligini mustahkamlashning muhim sharti hisoblanadi.
Ikkinchidan, transport infratuzilmasini rivojlantirish katta hajmdagi investitsiyalar, uzoq muddatli moliyalashtirish va mintaqaviy darajada muvofiqlashtirilgan qarorlarni talab qiladi. Temir yo‘l va avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligini oshirish, logistika markazlari va multimodal terminallar tashkil etish, yuklarni bir transport turidan boshqasiga tezkor o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalardandir.
Uchinchidan, transport koridorlarining barqaror ishlashi chegaradosh davlatlar bilan kelishilgan tarif siyosati, bojxona tartiblari va tranzit qoidalariga ham bog‘liq. Agar bir davlatdagi ma’muriy to‘siq yoki chegaradagi kechikish butun marshrut bo‘ylab yuk tashish muddatini uzaytirsa, koridorning raqobatbardoshligi pasayadi. Demak, transport hamkorligida milliy manfaatlarni hisobga olgan holda umumiy mintaqaviy yondashuvni shakllantirish zarur.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston faqat tranzitdan daromad olish bilan cheklanib qolmasligi lozim. Mamlakatda yuklarni saralash, qadoqlash, saqlash, qayta ishlash, taqsimlash va eksportga tayyorlash xizmatlarini rivojlantirish orqali transport oqimlaridan ko‘proq iqtisodiy qiymat olish mumkin. Bu esa logistika sohasini sanoat, savdo va xizmatlar tarmoqlari bilan uzviy bog‘lashni taqozo etadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi transport hamkorligi O‘zbekiston uchun nafaqat yangi marshrutlarga chiqish, balki mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish imkoniyati hamdir. Tuzilmaga a’zo davlatlarning geografik joylashuvi, transport infratuzilmasi va tashqi bozorlar bilan aloqalari bir-birini to‘ldirishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, TDTning Anqarada o‘tkazilayotgan sammiti transport-logistika hamkorligining istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim siyosiy maydon hisoblanadi. Anjuman doirasida transport bog‘liqligini kuchaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mintaqaviy hamkorlikni amaliy mazmun bilan to‘ldirishga qaratilgan tashabbuslar O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega.
Respublikamizning mazkur jarayondagi faol ishtiroki milliy manfaatlarni ilgari surish, yangi investitsiyaviy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va xalqaro transport tarmoqlaridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, O‘rta koridorni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash, raqamli transport tizimlarini muvofiqlashtirish va chegaradan o‘tish tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha amaliy kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, O‘zbekistonning mintaqaviy logistika markaziga aylanishi real imkoniyatlarga ega, ammo bu o‘z-o‘zidan yuz beradigan jarayon emas. Buning uchun geografik ustunlikni zamonaviy infratuzilma, raqamli boshqaruv, samarali bojxona tizimi, malakali kadrlar va izchil mintaqaviy hamkorlik bilan uyg‘unlashtirish talab etiladi.
Eng muhimi, O‘zbekiston xalqaro transport yo‘laklari kesishgan hudud bo‘libgina qolmasdan, yuk oqimlarini samarali boshqaradigan, logistika xizmatlari orqali qo‘shimcha qiymat yaratadigan va mintaqaviy savdo aloqalarini rivojlantiradigan markazga aylanishi lozim. Ana shunda transport-logistika sohasi mamlakat iqtisodiy o‘sishi, eksport salohiyati va xalqaro raqobatbardoshligini oshiruvchi strategik omilga aylanadi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA