TDT: Bishkekda sog‘liqni saqlash sohasi mutasaddilari qanday masalalarni muhokama qildi?
Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining 6-yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Shuningdek, uchrashuvda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari hamda TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev qatnashdi.
Muloqot davomida milliy sog‘liqni saqlash tizimlari barqarorligini ta’minlash, sohadagi umumiy muammolarga birgalikda yechim topish va davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning mavjudligi va xavfsizligini ta’minlash, tibbiyot kadrlari salohiyatini oshirish, sohaga raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida sog‘liqni saqlash yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi, – deyiladi SSV vazirligi matbuot xizmati xabarida.
M.Qosimova, O‘zA