TDT Anqara sammiti: O‘zbekistonning strategik ustuvorliklarini ilgari surish
Bugun – 29-oktabr kuni Anqarada Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining sammiti ish boshladi. Ikki kun (29-30-oktabr) davom etadigan tadbir tuzilmaning to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirilganiga besh yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkaziladi. Ushbu o‘zgarish tashkilot faoliyat yo‘nalishlarining kengayishi hamda savdo-iqtisodiy, transport-logistika va investitsiya sohalaridagi amaliy hamkorlikning kuchayishida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lganidan buyon amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 85 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Toshkentning bunday faolligi iqtisodiy manfaatlar, a’zo mamlakatlarning geografik jihatdan o‘zaro bog‘liqligi hamda TDT tamoyillarining respublika olib borayotgan ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosatga to‘la mos kelishi bilan izohlanadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston TDTni tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish, keng tarmoqli transport yo‘laklari tizimini shakllantirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish uchun samarali hamkorlik maydoni sifatida ko‘radi.

Tashkilotning teng huquqlilik, ichki ishlarga aralashmaslik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish tamoyillariga sodiqligi uning ahamiyatini belgilovchi muhim omildir. TDT faoliyati amaliy manfaatlarga asoslangan bo‘lib, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagan. Bu esa o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
A’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati ham tashkilot ahamiyatini oshiradi. Ularning jami hududi 4,25 million kvadrat kilometrdan, aholisi esa 170 million kishidan ortiq. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, TDT mamlakatlarining jami nominal yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,3 trillion AQSH dollariga yetdi, umumiy tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan oshdi. Ushbu ko‘rsatkichlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, ishlab chiqarish aloqalarini yo‘lga qo‘yish va o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish uchun zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston o‘zining strategik yondashuvida hamkorlikning to‘rtta asosiy yo‘nalishiga izchil e’tibor qaratmoqda.
Birinchisi – iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirish. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy maqsad tovarlar, kapital va texnologiyalarning to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlaydigan erkin savdo hududini bosqichma-bosqich shakllantirishdan iborat.
Bu turkiy davlatlar bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning TDTga a’zo mamlakatlar bilan jami tovar aylanmasi 9 milliard 607 million dollarni tashkil etdi. Bu respublika umumiy tashqi savdosining qariyb 12 foiziga teng.
Biroq TDT doirasidagi integratsiyaning iqtisodiy samarasi nafaqat o‘zaro savdo hajmi, balki a’zo mamlakatlar korxonalarining bir-birining ishlab chiqarish zanjirlarida qay darajada ishtirok etishi bilan ham belgilanadi.
Mamlakatlar iqtisodiyoti tarkibidagi farqlar buning uchun qulay asos yaratadi. Turkiya mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va kimyo sanoatida kuchli ishlab chiqarish bazasiga ega. Qozog‘iston va Ozarbayjon energiya resurslari bilan bir qatorda metallurgiya va neft-kimyo sohalarida ham salmoqli o‘rin tutadi. O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuvchilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, kimyo, oziq-ovqat sanoati hamda rangli metallurgiya jadal rivojlanmoqda. Qirg‘izistonning yengil sanoat va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari esa umumiy ishlab chiqarish salohiyatini to‘ldiradi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Hojigabul shahrida to‘liq ishlab chiqarish jarayonini qamrab oladigan avtomobil zavodini qurish bo‘yicha erishilgan kelishuv sanoat kooperatsiyasining yaqqol misollaridan biridir. Korxonani 2027-yil o‘rtalarida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bunday tashabbuslar ko‘lamini kengaytirish uchun O‘zbekiston tomoni tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish hamda bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish tarafdori bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekiston tomonidan 2025-yil kuzida Gabala sammitida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani Toshkentning ushbu yo‘nalishga sodiqligini tasdiqladi.
Mazkur tashabbus ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha oladigan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish uchun iqtisodiy hamkorlikning samarali mexanizmlari ishga solinmoqda. Raqamli iqtisodiyot sohasida sheriklik to‘g‘risidagi bitim (e-Commerce) hamda bojxona tartib-taomillarini izchil soddalashtirish shular jumlasidan bo‘lib, savdo jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida, ustav kapitali 500 million AQSH dollarini tashkil etadigan Turkiy investitsiya jamg‘armasining muvaffaqiyatli ishga tushirilishi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish zanjirlarini modernizatsiya qilish hamda kichik va o‘rta biznes, logistika infratuzilmasi va innovatsiyalar sohasidagi tashabbuslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun asos yaratdi. O‘zbekiston ushbu jamg‘armaning asosiy ta’sischilaridan biri bo‘ldi.
Umuman, TDT doirasida iqtisodiyot, sanoat va investitsiya sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi raqobatbardosh klasterlarni shakllantirish, tashqi bozorlardagi keskin o‘zgarishlarga qaramlikni kamaytirish va uzoq muddatli barqarorlikka erishish imkonini beradi.
Ikkinchisi – transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish. Bu O‘zbekistonning xalqaro transport tarmoqlariga chiqishdagi cheklovlarni yengib o‘tish hamda savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda TDT imkoniyatlaridan keng foydalanishga intilishini ifodalaydi. Shuningdek, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasini ta’minlashning asosiy omillaridan biridir.
Bu borada Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga olib chiqadigan O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston yuklarini tashish hajmining o‘sishi ushbu yo‘nalishga talab ortayotganini ko‘rsatadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi besh yilda ikki barobar oshdi. Bu esa yo‘nalishning mamlakat tadbirkorlari foydalanadigan yuk tashish tizimida tobora mustahkam o‘rin egallayotganidan dalolat beradi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi munosabati bilan ushbu yo‘nalishning O‘zbekiston uchun ahamiyati yanada ortmoqda. Temir yo‘lni Kaspiy yo‘nalishi bilan bog‘lash Xitoyni Markaziy Osiyo orqali Kavkaz va Yevropa bilan tutashtiradigan “Sharq – G‘arb” logistika zanjirida respublikaning ishtirokini kengaytirishi mumkin.
Zamonaviy transport yo‘lagi faqat avtomobil va temir yo‘llardan iborat emas. Yuk tashish muddati va xarajatlari ko‘p jihatdan chegaradan o‘tish, ruxsatnomalar, bojxona deklaratsiyalari va yuk hujjatlarini rasmiylashtirish hamda yuklarni kuzatish tizimlariga bog‘liq. Shu sababli raqamlashtirish TDTning transport siyosatida alohida o‘rin tutadi.
O‘zbekiston elektron yuk xatlari (e-CMR) va elektron ruxsatnomalar (e-Permit) kabi ilg‘or mexanizmlarni joriy etish tarafdoridir. Bu yuk tashishda ma’muriy xarajatlarni keskin kamaytirish va vaqtni tejash imkonini beradi. 2026-yil 23-aprel kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan TDT transport vazirlarining to‘qqizinchi yig‘ilishida e-CMR xalqaro elektron tovar-transport yuk xatini joriy etish to‘g‘risida memorandum ham imzolandi.
Joriy yil may oyida Turkistonda o‘tkazilgan norasmiy sammitda O‘zbekiston Prezidenti TDTga a’zo mamlakatlar bilan “E-Permit” tizimi to‘liq ishga tushirilganini qayd etdi. Shuningdek, O‘rta yo‘lakni “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash, soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini rivojlantirish, ma’lumotlar almashinuvi va yuklarni kuzatish jarayonlarini raqamlashtirishni taklif qildi.
Uchinchisi – energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish. TDTga a’zo davlatlarning yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorligi nafaqat uglevodorodlarni tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, balki global iqlim o‘zgarishi sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan iqtisodiyotga birgalikda keng ko‘lamda o‘tishga ham qaratilgan.
“Yashil” energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Zero, ushbu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish ekologik toza energiya resurslarini tashqi bozorlarga eksport qilish uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar ochadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yilgi Gabala sammitida energetika sohasidagi an’anaviy muloqotni “yashil” energiya bo‘yicha strategik sheriklikka aylantirish tarafdori ekanini bildirdi. Davlatimiz rahbari o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish, shuningdek, “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Toshkent ushbu yondashuvni amaliy ishlar bilan davom ettirdi. Jumladan, “yashil” elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish uchun Kaspiy dengizi tubidan elektr kabeli o‘tkazish bo‘yicha Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan bitim imzolanishini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston rahbarining 2024-yilda Shushada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitda gidroenergetika rivoji bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan suvdan foydalanishning dolzarb muammolarini tizimli hal etish maqsadida Turkiy ekologiya kengashini tuzish taklifi ham ushbu uzoqni ko‘zlagan siyosatning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Ayni paytda TDTga a’zo mamlakatlar bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda. Quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, energiya saqlash tizimlarini joriy etish hamda energetika infratuzilmasi samaradorligini oshirish Turkiyaning yetakchi energetika kompaniyalari, jumladan, “Chalık Holding”, “Aksa Enerji”, “GÜRİSh” va “Cengiz Enerji” bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.
To‘rtinchisi – madaniy-gumanitar hamkorlik. O‘zbekiston TDT doirasidagi ushbu yo‘nalishni faqat tarixiy merosni asrash bilan cheklamaydi. Mamlakatimiz uni ilm-fan, innovatsiyalar va inson kapitalini rivojlantirish hamda integratsiyaning mustahkam asoslarini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim omil sifatida ko‘radi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan TDT sammitida shunday ta’kidlagan edi: “Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur o‘rganib, kelgusi avlodlarimizga bezavol yetkazish barchamiz uchun eng asosiy vazifadir”.
TURKSOY, Turkiy akademiya hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi ixtisoslashgan tuzilmalarning faoliyati ushbu yondashuvning amaliy ifodasidir. Shuningdek, har yili “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti”ni e’lon qilish an’anasi, jumladan, 2020-yilda qadimiy Xivaga ushbu maqomning berilishi, Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining muntazam o‘tkazilishi va “Zamonaviy Ipak yo‘li” sayyohlik loyihasi kabi muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Toshkent tashabbusi bilan turkiy xalqlar birligini mustahkamlashga qo‘shilgan hissa uchun TDTning nufuzli Alisher Navoiy nomidagi mukofoti ta’sis etilgani ham ushbu yondashuvning amaliy ifodasidir.
Umuman, O‘zbekiston TDTni savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish vositasi sifatida ko‘radi. Ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik tashkilot salohiyatini to‘laroq ro‘yobga chiqarish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston milliy manfaatlarini ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, TDT respublikaning ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosatini amalga oshirish va a’zo davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishda davom etadi.
Umarbek Nuriddinov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi.
O‘zA