Taxt soyasidagi haqiqat: Fitrat va uning “Abulfayzxon” fojiasi haqida
Jadid ma’rifatparvari Abdurauf Fitrat tomonidan yaratilgan “Abulfayzxon” fojiasi tarixiy voqelikni badiiy talqin qilish orqali hokimiyat uchun kurashning mudhish oqibatlari va uning millat taqdiriga ta’siri haqidagi savollarni o‘rtaga tashlagan buyuk asardir.
XX asr boshlarida Turkiston zaminida kechgan ijtimoiy-ma’rifiy uyg‘onish, ya’ni jadidchilik harakati millat taqdiri uchun mas’uliyatni his etgan o‘nlab buyuk siymolarni yetishtirdi. Ana shunday ziyolilarning eng yorqin vakillaridan biri buxorolik mutafakkir, olim va adib Abdurauf Fitrat edi. Uning uchun adabiyot va san’at shunchaki nafosat vositasi emas, balki xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, uning tarixiy xotirasini tiklash va ma’rifat orqali ozodlik sari yetaklash uchun xizmat qiladigan qudratli qurol edi. Bu yo‘lda Fitrat teatr san’atiga alohida o‘rin ajratdi va uni eng ta’sirchan tarbiya minbari deb bildi.
Fitratning Istanbuldagi tahsil yillari (1909–1913) uning dunyoqarashi shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Usmoniylar saltanatidagi “Yosh turklar” harakati, g‘arb ma’rifatchiligi g‘oyalari bilan yaqindan tanishuv uning ongida Turkiston kelajagi haqidagi o‘y-fikrlariga yangicha yo‘nalish berdi. U vatanga qaytgach, faqat maktab-maorif islohotlari bilan cheklanib qolmay, milliy teatrchilikning poydevorini yaratishga faol kirishdi. Uning nazarida, sahna orqali murakkab tarixiy jarayonlarni, jamiyatning og‘riqli nuqtalarini va milliy qahramonlar jasoratini xalqqa sodda va tushunarli shaklda yetkazish mumkin edi.
Fitratning sahna asarlari bir umumiy g‘oya – vatan ozodligi va mustaqillik uchun kurash ruhi bilan sug‘orilgan. Uning “Chin sevish” yoki “Hind ixtilolchilari” kabi pesalarida Hindiston ozodlik harakati misolida aslida Rossiya imperiyasi mustamlakasi ostidagi Turkistonning ayanchli taqdiri va ozodlikka bo‘lgan umidlari badiiy ifodasini topgan. Adib uchun begona yurt voqealari o‘z xalqining dardini aytish uchun bir niqob, badiiy usul vazifasini o‘tagan. Ushbu izlanishlarning gultoji sifatida esa, shubhasiz, uning “Abulfayzxon” tarixiy fojiasini keltirish mumkin. Bu asar orqali Fitrat o‘z millatining yaqin o‘tmishiga murojaat qilib, hokimiyat inqirozining sabab va oqibatlarini chuqur tahlil ostiga oladi.
Tarixiy haqiqat va badiiy talqin
“Abulfayzxon” fojiasining qudrati shundaki, u quruq tarixiy voqealar bayonidan iborat emas. Fitrat XVIII asrda Buxoro xonligida yuz bergan haqiqiy tarixiy jarayonlarni o‘zining badiiy maqsadiga bo‘ysundiradi. Ashtarxoniylar sulolasining amaldagi so‘nggi hukmdori Abulfayzxon davri (1711–1747) haqiqatan ham davlat boshqaruvining zaiflashuvi, markaziy hokimiyatning obro‘sizlanishi va saroydagi o‘zaro nizolar avj olgan bir davr edi. Tarixiy manbalar Eron shohi Nodirshohning 1740-yildagi yurishi natijasida Buxoro xonligining vassalga aylangani, Abulfayzxon esa amalda qo‘g‘irchoq hukmdorga aylanib qolganini bayon etadi.
Hokimiyat uchun kurashda maydonga o‘zbek mang‘it urug‘ining nufuzli vakili Muhammad Hakimbiy, so‘ngra uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy chiqadi. Muhammad Rahimbiy aynan Nodirshohning ko‘magi bilan hokimiyatni o‘z qo‘liga olib, Abulfayzxonni taxtdan ag‘daradi va qatl ettiradi. 1756-yilda esa u o‘zini rasman xon deb e’lon qilib, Buxoroda mang‘itlar sulolasiga asos soladi.
Fitrat aynan mana shu tarixiy voqeadan unumli foydalanadi. Biroq uning maqsadi tarixiy shaxslar faoliyatini ilmiy aniqlikda tasvirlash emas, balki ularning timsolida hokimiyat uchun kurashning axloqiy-ma’naviy jihatlarini, shaxs va davlat fojiasini ochib berish edi. Asardagi Abulfayzxon – irodasiz, aysh-ishratga mukkasidan ketgan, davlat boshqaruvini eplay olmagan hukmdor sifatida tasvirlansa, uning kuyovi Rahimbiy – maqsadi yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan, hiyla va zo‘ravonlikni o‘ziga dastur qilib olgan, hokimiyatga chanqoq shaxs sifatida gavdalanadi. Fitrat tarixiy voqelikdan uzilmagan holda, qahramonlarning ichki dunyosini, ularning xatti-harakatlari ortidagi mantiqni badiiy jihatdan umumlashtiradi. Shu tariqa, adib XVIII asr voqealari orqali o‘z zamonasi – XX asr boshlaridagi Buxoro amirligining ijtimoiy-siyosiy illatlariga ham ishora qiladi.
“Abulfayzxon” – qonli taxt fojiasi
Fitratning buyuk mahorati shundaki, u Buxoro xonligidagi mahalliy bir voqeani butun insoniyatga xos bo‘lgan umuminsoniy fojia darajasiga olib chiqa olgan. “Abulfayzxon” asari o‘zining tuzilishi va g‘oyaviy chuqurligi bilan ingliz dramaturgi Uilyam Shekspirning buyuk fojialariga hamohangdir. Agar Shekspirning “Makbet” asarida hokimiyatga intilish shaxsning vijdonini yo‘q qilishi va uni halokatga yetaklashi tasvirlangan bo‘lsa, “Abulfayzxon”da ham xuddi shu mavzu – nohaq egallangan taxtning egasiga vafo qilmasligi g‘oyasi markaziy o‘rinni egallaydi.
Pesaning asosiy ziddiyati Abulfayzxonning zaifligida emas, balki Rahimbiyning cheksiz hokimiyatga bo‘lgan ehtirosida namoyon bo‘ladi. U akasini o‘ldirib taxtga chiqqan Abulfayzxonga kuyov bo‘lib, asta-sekin davlatning butun boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi. Asarning eng mashhur jumlalaridan biri – “Podshohlik qon bilan sug‘orilaturgan bir og‘ochdir” – aynan Rahimbiyning harakatlariga mafkuraviy asos bo‘lib xizmat qiladi. U o‘z yo‘lidagi barcha to‘siqlarni, jumladan, kechagi safdoshlarini ham ayovsiz yo‘q qiladi. Oxir-oqibat, u Abulfayzxonni ham o‘ldirib, uning o‘rniga yosh va irodasiz Abdumo‘minni qo‘g‘irchoq xon sifatida taxtga o‘tqazadi.
Bu o‘rinda Fitrat hokimiyatning o‘ziga xos mantig‘ini ochib beradi: zo‘ravonlik orqali qo‘lga kiritilgan taxt faqat yangi zo‘ravonliklar orqali saqlab qolinishi mumkin. Rahimbiyning har bir qilmishi uni yanada chuqurroq botqoqqa botadigan navbatdagi qadamdir. U do‘stlarini yo‘qotadi, atrofini xushomadgo‘ylar va qo‘rqoqlar o‘rab oladi, o‘zi esa doimiy shubha va qo‘rquv ichida yashashga mahkum bo‘ladi. Bu – taxt uchun to‘langan eng og‘ir badaldir. Asarning fojiaviyligi shundaki, Rahimbiyning g‘alabasi aslida uning ma’naviy mag‘lubiyatining boshlanishidir.
Hokimiyat va vijdon masalasi
“Abulfayzxon” asarining kuchi faqat bosh qahramonlar obrazida emas, balki ikkinchi darajali personajlarning puxta ishlanganida hamdir. Ular orasida, ayniqsa, kenagas urug‘ining oqsoqoli Ibrohimbiy obrazi alohida ajralib turadi. Ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay, u aql ko‘zi bilan voqealar rivojini hammadan teranroq anglaydi. Ibrohimbiy asardagi vijdon ovozi, axloqiy mezon vazifasini o‘taydi. U Rahimbiyning Abulfayzxonni o‘ldirganini eshitgach, uni tabriklamaydi, aksincha, uning bu ishni el-yurt uchun emas, o‘zining manfaati uchun qilganini yuziga soladi.
Ibrohimbiy va Rahimbiy o‘rtasidagi muloqot asarning g‘oyaviy kulminatsiyasidir. Ibrohimbiy Rahimbiyga xitoban aytgan shu so‘zlar nafaqat o‘tmishga, balki kelajakka ham qaratilgan bir bashoratdek yangraydi: “Siz-ku Buxoro taxtini olarsiz, Abdumo‘minni o‘ldurarsiz... Biroq shuni bilib qo‘yingkim, bu taxt sizning bolalaringizga yuqmag‘usidir”. Bu so‘zlar orqali Fitrat zulm va adolatsizlik ustiga qurilgan har qanday hokimiyat poydevori mustahkam bo‘lmasligini, nohaq to‘kilgan qon hech qachon izsiz ketmasligini uqtiradi.
Asardagi yana bir muhim guruh – bu saroy ulamolari, xususan, Oxun va Qozi Nizom obrazlaridir. Fitrat ularning timsolida har qanday hukmdorga qulluq qilishga tayyor bo‘lgan, o‘z manfaati yo‘lida shariat hukmlarini ham egib bera oladigan munofiq ruhoniylar toifasini fosh etadi. Rahimbiy ulardan Chingizxon avlodidan bo‘lmagan kishining ham xon bo‘lishi mumkinligi haqida fatvo so‘raganida, ular ikkilanmay bunga ruxsat beradilar. Kechagina Abulfayzxonni “soyayi xudo” (xudoning soyasi) deb yurgan Qozi Nizom, bugun uning o‘limiga bemalol fatvo yozib beradi.
Bu sahna italyan mutafakkiri Nikkolo Makiavellining “Hukmdor” asaridagi g‘oyalarni yodga soladi. Makiavelli hukmdor o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun zarur bo‘lganda axloqiy me’yorlardan ham chekinishi mumkin, degan fikrni ilgari surgan edi. Fitratning qahramonlari esa bu g‘oyani amalda ko‘rsatib beradilar. Rahimbiy o‘zining noqonuniy xatti-harakatlarini qonuniylashtirish uchun dindan bir vosita sifatida foydalanadi, Oxun va Qozi Nizom esa bunga sharoit yaratib beradilar.
Bir asr oldin sahna yuzini ko‘rgan
San’atshunos olim Sotimboy Tursunboyevning yozishicha, “Abulfayzxon” fojiasining ilk sahnaviy talqini 1926-yili amalga oshirilgan. Biroq sovetlar davrining qattiq mafkuraviy nazorati ostida bu asar uzoq yillar davomida sahna yuzini ko‘rmadi. Uning mazmunidagi hokimiyat uchun kurash, hukmdorning mas’uliyati va saroy fitnalari kabi mavzular sovet tuzumi uchun “yot” hisoblanardi.
Asarning haqiqiy qayta kashf etilishi o‘tgan asrning 90-yillari boshlariga, ya’ni qayta qurish va oshkoralik yillariga to‘g‘ri keldi. 1990-yili Qashqadaryo teatrida iste’dodli rejissyor Bahodir Nazarov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl madaniy hayotda katta voqea bo‘ldi. Munaqqidlarning ta’kidlashicha, bu spektakl nafaqat Fitrat ijodini qayta o‘rganish, balki tarixni yangicha idrok etish, o‘tmish va bugun o‘rtasidagi bog‘liqlikni topish yo‘lidagi muhim qadam edi. Rejissyor voqealarni sahnada shaxmat o‘yiniga qiyoslab, hokimiyat uchun kurashning ayovsiz va hisob-kitobli tabiatini ko‘rsatib bergan.
Oradan to‘rt yil o‘tib, 1994-yili O‘zbek Milliy akademik drama teatrida rejissyor Marat Azimov “Abulfayzxon”ni yangicha talqinda sahnaga olib chiqdi. Bu spektaklda rejissyor asar matniga ancha erkin yondashib, uni qisqartirgan va ba’zi obrazlarni tushirib qoldirgan. Uning maqsadi tarixiy voqelikni emas, balki hokimiyatning inson ruhiyatiga ko‘rsatadigan yemiruvchi ta’sirini, shaxs fojiasini birinchi o‘ringa olib chiqish edi. Bosh rolni ijro etgan O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov o‘zining mahorati bilan Abulfayzxonning ichki iztiroblarini, irodasizligi va fojiasini yuksak badiiy darajada ocha olgan. Bu ikki spektakl Fitrat asarining naqadar serqirra ekanini, uning har bir davrda o‘zgacha talqin qilinishi va yangicha ma’no kasb etishi mumkinligini isbotladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA