TATU va KOICA o‘rtasida yangi loyihaga start berildi
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Biznes-IT ta’lim dasturi va innovatsion ekotizimni yaxshilashga qaratilgan yangi loyihasiga start berish maqsadida kelishuv shartnomasini imzoladi.
Uchrashuvda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori B.Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya, KOICA agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Park Sunjin xonim, KOOKMIN universiteti prorektori Kim Byong Jun ishtirok etdi.
Ushbu loyihaning qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etib, 5 yil (2022-2027) davomida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda oliy ta’lim salohiyatini mustahkamlash va raqamli iqtisodiyot uchun yosh iste’dodlarni tayyorlash hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun TATUda KOOKMIN universiteti bilan hamkorlikda “Global IT-biznes” ta’lim dasturini ochish hisobiga sohadagi inson kapitalini rivojlantirish belgilangan. Shu bilan birga ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, startaplar va IT yechimlarni jonlantirish maqsadida ishlab chiqarish hududi – “FAB LAB”ni tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini nazarda tutuvchi IT startap ekotizimini yaxshilash, talabalarni “g‘oyadan-bozorgacha” tamoyili asosida prototiplar ishlab chiqishlarini va o‘z innovatsiyalarini tijoratlashtirishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 700 metr kvadrat maydonda ishlab chiqarish hududini tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.
O‘zA