Tashqi diplomatiya
O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Yaponiya: O‘zbekistonning Tokio shahridagi elchixonasida diplomatimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov va “Sojitz Corporation” kompaniyasi bosh operatsion direktori Takefumi Nishikava o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, kompaniya tomonidan yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan kelgusi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

Yangi Zelandiya:Vellington shahridagi “Government House” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchi sifatida ushbu davlat General-gubernatori Deym Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi.Marosim davomida elchi maori xalqiga xos an’analar asosida tantanali kutib olindi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Deym Sindi Kiro O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Italiya: “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobridjida bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda agrar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va Italiya tajribasini o‘lkamizda joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Italiyaning nufuzli universitetlari bilan qo‘shma dasturlar va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.

Germaniya: Elchi Dilshod Axatov Saksoniya federal o‘lkasi To‘qimachilik instituti (STFI)ning ilmiy ishlar bo‘yicha direktori Peter Pensik bilan zamonaviy tekstil texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda sohadagi mutaxassislar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, uchrashuv davomida institutning tadqiqot laboratoriyasi faoliyati bilan tanishildi.

Fransiya: Parijdagi elchimiz Nodir G‘aniyev Fransiya Senatining Tashqi ishlar, mudofaa va Yevropa ishlari komissiyasi a’zosi, senator Valeri Boye boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro muloqot davomida parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish va amaliy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, muzokaralarning muhim qismi joriy yilning aprel oyida Fransiya Senati delegatsiyasining O‘zbekistonga rejalashtirilgan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlandi.

Buyuk Britaniya: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi delegatsiyaning Londondagi tashrifi doirasida o‘lkamiz elchixonasi ko‘magi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvda Britaniya Savdo palatasining a’zolik va xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Anna-Mariya Martin, London Savdo palatasi bosh direktori Karim Fatexi, Musulmonlar savdo forumi raisi Iqbol Sakrani hamda Safolk grafligi Savdo palatasi xalqaro savdo bo‘limi rahbari Koyas Miya ishtirok etdi.
F.Yaxshiboyeva tayyorladi.
O‘zA