“Tashkent City”ning 51 qavatli osmonoʻpar binolari
Markaziy Osiyodagi eng yuqori – 215 metr osmonga qarab boʻy choʻzgan 51 qavatli “Tashkent City”ning osmonoʻpar binosi zilzilaga chidamli boʻlib, uning asosi – fundamenti 20 metr chuqurlikda kovlangan.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston
Murad Buildings Oʻzbekiston qurilish kompaniyasining bergan maʼlumotiga qaraganda, Markaziy Osiyodagi eng yuqori – 215 metr osmonga qarab boʻy choʻzgan 51 qavatli “Tashkent City”ning osmonoʻpar binosi zilzilaga chidamli boʻlib, uning asosi – fundamenti 20 metr chuqurlikda kovlangan. Ob-havo yaxshi boʻlgan kunlari binoning yuqori qavatlaridan turib Chimyon togʻlarini xuddi kaftingizda turgandek koʻrishingiz mumkin. “Tashkent City” qurilishi 2021-yilga moʻljallangan.
Hayron boʻlasan kishi. Qanday qilib tarixi, ilm-fani, madaniyati koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan Singapur, Shanxay, Dubay kabi yangi shahar-davlatlar bir avlod umri mobaynida dunyoning eng taraqqiy etgan mamlakatlariga aylanib olmoqda. Butun dunyo sayyohlari ham oylik, yillik daromadlarini toʻplab, ana shu davlatlarga sayohatga borib, soʻnggi yillarda qurib foydalanishga topshirilgan gʻaroyib moʻjiza binolarni tomosha qilishga, dam olib, hordiq chiqarishga oshiqmoqda. Ularning turizmini rivojlantirmoqda.
Aytish joiz, insonning aqli, xayoli, rejasi, fantaziyasini cheklab ham, chegaralab ham boʻlmas ekan. Azaldan va mohiyatan inson ana shunday yaratilgan. Bugun kechagidan, ertaga bugungidan, indinga esa yana ham yaxshi yashashni istaydi u.
Singapurda boʻlganimizda har biri 68 qavatli uchta binoning ustiga qurilgan, afsonaviy Nuh kemasini eslatuvchi bahaybat Kazino binosini koʻrib hayratga tushgan edik yoki Quvaytning osmonu falakka qarab hamla qilayotgan kobra ilonlari misol barpo etilgan ofis binolari beixtiyor diqqatimizni oʻziga jalb qilgan edi. Ha, bu ham zamonaviy estetik did, ham bugungi kun ilgʻor meʼmorchiligi, hamda reklama, daromaddir.
Jahonni qoyil qoldira oladigan ota-bobolarimizdan bebaho meros boʻlib qolgan ajoyib fazilatlarimizni namoyon etish maqsadida targʻibot-tashviqot, hozirgi til bilan aytganda, promoushn, reklama qilish vaqti ham keldi. Axir butun dunyo aholisi jon-jon deb kiyadigan, dunyoning turli mintaqalarida hamon shaharma-shahar, doʻkonma-doʻkon qidirib topib boʻlmaydigan kiyimlar tayyorlanadigan xom ashyolar: paxta, ipak, jun va ulardan tayyorlangan atlas, adras, banoras, gilam, mazasi tilni yoradigan qovun, tarvuz, oʻrik, uzum, qulupnoy, gilos – bularning barchasi bizda, faqat bizda yetishtiriladi-ku!
Reklama qilish maqsadida minora-ofis binolarini qurib, ularni koʻz-koʻz qilib targʻib qilish ortida bugungi hayotimizni qulay, goʻzal qilish bilan birga, moʻmaygina daromad koʻrish, turmush darajamizni koʻtarish, qolaversa, bundan ham kattaroq rejalarni amalga oshirishga intilishdir. Imkoniyatlarni kengaytirish yoʻlida nimalar qilmaydi deysiz tadbirkorlaru biznesmenlar. “Sharq yoʻlbarsi“ deb nom olgan davlatlarning birida choynak shaklida qad koʻtargan bahaybat bino barpo etilgan. Bu uyning eng yuqori nuqtasi yerdan 73 metr balandlikda. Agar bu inshootning har bir qavatini yetti emas, besh metrdan deb hisoblaydigan boʻlsak ham u 10 qavatli rosmana binoga teng keladigan hajmdagi choynakdir. Bu choynakka choy damlansa bormi, unga taʼmi tilga, xushboʻy hidi dimoqqa maʼqul boʻladigan 28 million litr shifobaxsh xitoy koʻk choyi ketar ekan.
Bu binolarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, ularning elektr quvvatiga boʻlgan ehtiyojining 90 foizi qayta tiklanadigan va tagi moʻl tabiiy, quyosh energiyasi hisobiga qoplanadi. Bino xonalari ham quyosh nurlari yordamida isitiladi. “Tashkent City”da bu masalalar qanday hal etilishini bilmadigu, lekin bizning serquyosh diyorimizda ham shunday innovatsiyali gʻoyalar qoʻllansa, nur ustiga nur boʻlar edi, degan xayolga borasan kishi. Toshkent-Siti yaqin yillarda dunyoning ana shunday ajoyib shaharlari qatoridan oʻrin olsa ajabmas.
Koʻpchilikning manfaatini koʻzlab qilinayotgan savobli ishning qanoti keng, parvozi baland, yoʻli ochiq boʻladi, deyishadi. Hozirgina olgan maʼlumotimizda koʻhna Buxoro shahrida ham Tashkent sitining ukasi Bukhara City binosining poydevori – asosiga dastlabki tosh qoʻyilgani haqida xabar qilinadi.
Yana bir yangilik. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya Hukumatlararo komissiyasining hamraisi, Rossiya Federatsiyasining Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Oreshkin Moskvadagi Iqtisodiyot oliy maktabi tinglovchilari bilan boʻlgan uchrashuvda “Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati sobiq Ittifoq mintaqasida Rossiyadan keyingi ikkinchi oʻrinni egallash imkonini beradi”, deb aytdi. Rossiya vazirining gapi boʻyicha bunga 20 yilga yaqin vaqt kerak boʻlar ekan. Shu yerda bir narsani taʼkidlab aytmoqchi edik. Rossiya vaziri Oʻzbekistonning bugungi rivojlanish surʼatlaridan xabari boʻlmasa kerak, degan xayolga borasan. Va oʻzingni maqtash, bino qoʻyishni toʻxtatib, Sharq falsafasiga koʻra, oshiqmay, lekin izchillik bilan qilingan astoydil harakat albatta manzilga yetkazadi, degan xulosaga kelasan.
Oʻzbekiston poytaxtining maydoni 337 kvadrat kilometrga teng. Shaharda uchta aeroport, ikkita temir yoʻl vokzali, Markaziy Osiyodagi yagona metropoliten aholiga xizmat koʻrsatadi. Yangi Toshkent Sharqning goʻzal poytaxtlaridan biriga aylanmoqda. Uning koʻchalari tong sahardan suv sepish mashinalari bilan yuvib, supirib-sidirib ozoda holga keltirilayapti. Toshkentda yoz issiq boʻlganligi sabab erta tongdanoq uning koʻplab yangi baland favvoralari shahar havosini namlab chor-atrofga suv purkay boshlaydi.
Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Tashkent City” biznes markazi oʻzimizning – ichki va chet ellik tadbirkor, biznesmen, turistlarni ular uy sotib olmoqchi-mi, buyum xarid qilmoqchi-mi yoki ishdan charchagandan soʻng dam olib hordiq chiqarmoqchimi, barcha-barchani oʻz bagʻriga chorlamoqda.