Tashabbuskor talabalar uchun yozgi maktab
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Rohat» sport-sog‘lomlashtirish oromgohida O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi qoshidagi Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi tomonidan talaba-yoshlar uchun «Yozgi maktab – 2017» o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Rohat» sport-sog‘lomlashtirish oromgohida O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi qoshidagi Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi tomonidan talaba-yoshlar uchun «Yozgi maktab – 2017» o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda.Seminarda mazkur loyiha muvofiqlashtiruvchilari, tajribali pedagoglar, notiqlar, yoshlar hamda talabalar ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi, xorijiy tillarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Seminarda qatnashish istagini bildirib, tashkilotchilarga o‘z ijodiy ishlarini taqdim etgan 250 dan ortiq talabaning barchasi xorijiy til, xususan, ingliz tilida o‘z fikrini erkin bayon eta oladi. «Yozgi maktab – 2017»ga ana shu yoshlar orasidan eng bilimli, faol va tashabbuskorlaridan 51 nafari tanlab olindi.
– Yoshlar bilan milliy turizmni rivojlantirishning ahamiyati, bugungi globallashuv davrida xorijiy tillarni mukammal bilishning dolzarbligi, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, atrof-muhit muhofazasida yoshlarning o‘rni kabi mavzularda muntazam seminar-treninglar tashkil etamiz, – deydi O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi raisi Feruza Rashidova. – Bir hafta davom etadigan mazkur seminarimiz mavzu jihatidan keng qamrovli va rang-barang, amaliy mashg‘ulotlarga boy. Notiqlik san’ati, jamoada ishlash, ijodkorlik, yetakchilik, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kabi yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlarni o‘tkazishda talabalarning takliflari ham inobatga olinmoqda.
Oromgohdagi barcha yoshlar kabi Toshkent moliya instituti talabasi Iskandar Sulaymonov ham yozgi ta’tili mazmunli o‘tayotganidan xursand. Aytishicha, u tengdoshlari bilan ko‘proq ingliz tilida suhbatlashib, insholar yozmoqda.
– Seminarning yana bir foydasi – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mazmun-mohiyati aniq yo‘nalishlar bo‘yicha erkin suhbatlar bilan tushuntirilayotganida, – deydi I.Sulaymonov. – Bu yerda o‘rganganlarimni kursdoshlarimga, albatta, so‘zlab beramiz.
Seminar doirasida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda.