Tarjimon – mamlakatlarni bir-biriga bog‘lovchi rishta
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar “til egasi” – xorijiy mutaxassisni jalb etgan holda, chet tilini mukammal egallagan kadrlar tayyorlash, xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga yetkazish, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan turistlar sonini ham oshirish ko‘zda tutilgan.
Ayni jarayonda tarjimonlar, ayniqsa sinxron-tarjimonlarga ehtiyoj ortishi tabiiy. Prezidentimizning 2021 yil 19 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sinxron tarjimonlik sohasi uchun dolzarb vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlashda sharq va g‘arb tillari chuqur o‘rgatiladigan, kompleks yondashuv asosida raqobatbardosh sharqshunos-mutaxassislar tayyorlanadigan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti zimmasiga ulkan mas’uliyat tushadi. Bu yuqori malakali, siyosiy-ilmiy ongi yuqori sinxron tarjimonlar tayyorlashdir.
Ayni payt oliy o‘quv yurtimizda maxsus jihozlangan 2 ta sinxron va 2 ta lingafon xonada har bir sharq tili doirasida, har kurs kesimida belgilangan kun va vaqtda dars tashkil etilmoqda. Saboq jarayoniga xorijlik mutaxassis – bevosita til egasi jalb etiladi. Mana shunday mutaxassislar talaba-yoshlarda tarjimonlik faoliyati ko‘nikmasini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda.
Umumiy tushunchaga ko‘ra, ingliz tili jahon tili sifatida baholanadi. Binobarin, Sharq mamlakatlaridan mehmon yoki delegatsiya tashrif buyurganda ularga ma’ruzani o‘z tilida sinxron tarjima qilib berilsa, avvalo, mazkur davlatga, qolaversa, yurti nomidan so‘zlayotgan vakilga ehtirom ko‘rsatilgan bo‘ladi. Demak, mamlakatlar siyosati, iqtisodiyoti, madaniyati, tarixini mukammal biladigan, psixologik jihatdan yuqori davralarda sinxron-tarjimon vazifasini bajara oladigan kadrlarga ehtiyoj yuqori. Shu ma’noda, universitetimizdagi amaliy sa’y-harakatlar sezilarli natija bera boshladi.
Masalan, mamlakatimizda o‘tkazilgan referendum hamda Prezident saylovida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining bir guruh talabalari xorijiy ekspertlar, yuqori davra vakillariga tarjimonlik qilib, dars jarayonida olgan bilimi, tajribasini namoyon qilishdi. Zero, tarjimon butun dunyoda mamlakatlarni bir-biriga bog‘lovchi rishta sifatida qadrlanadi.
Avazbek Vohidov,
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti prorektori