Tarixiy yodgorliklar – o‘lmas merosimiz
Andijon viloyati Marhamat tumanida qadim yodgorliklar va tarixiy joylarni, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etishga, turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
18 aprel – Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni munosabati bilan “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi, Marhamat tuman hokimligi, Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda tarixchilar, yozuvchi va shoirlar, madaniy meros ob’ektlarini asrash va turizm yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi korxona, muassasalar vakillari, o‘lkashunoslar, yosh olimlar, ijodkor yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda yurtimizning tarixiy yodgorliklari va ziyoratgohlarini asrash, obodonlashtirish, ular haqida aholi, ayniqsa, yoshlarga keng tushuncha va bilimlar berish, ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, nafaqat tumanimiz, viloyatdagi, balki respublikamizdagi tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ana shu joylarni obodonlashtirishga keng jamoatchilik, xalqimizning e’tiborini qaratish hamda turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishdir, – deydi “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Qolaversa, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholi, xususan, yoshlarning tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar haqidagi bilim va tushunchalarini yuksaltirish orqali ularda qadim tariximizga, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.
[gallery-6710]
Tadbir ishtirokchilari tuman markazidagi “Xotira xiyoboni” da tashkil etilgan “Mingtepa” muzeyi faoliyati, muzeydagi yurtimizning ming yillik tarixidan so‘zlovchi, qadim Dovon davlati davriga oid noyob eksponatlar bilan tanishdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi FA Astronomiya instituti rahbari, “Fan va turmush” jurnalining bosh muharriri, akademik Sh. Egamberdiyev, O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondi yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori M. Hasaniy, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi O. Mahmudovlarning ma’ruzalari tinglandi.
Shuningdek, ishtirokchilarga “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi doirasida tumandagi tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolarni targ‘ib etish, ana shu maskanlarda turistik yo‘nalishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida “Bizga ajdodlarimizdan bebaho madaniy meros qolgan” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi, tarixiy buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tanlovga nafaqat Andijon, balki respublikamizning turli viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 88 nafar olim, ijodkor, talaba va maktab o‘quvchisi tomonidan 150 dan ortiq ijodiy ishlar, badiiy va tasviriy san’at asarlari, ilmiy maqolalar taqdim etildi. Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib, sovrindor va faol ishtirokchilar tanlov tashkilotchilarining diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA