Tarixiy shaxslar obrazlaridan noo‘rin foydalangan dori reklamasi uchun jarima qo‘llanildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan dori vositasi reklamasida tarixiy shaxslar obrazlaridan axloq va ma’naviyat normalariga zid tarzda foydalanilgani uchun “NIKA PHARM” MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya tomonidan “Rinoksil Formula+” dori vositasi reklamasida buyuk sarkarda Amir Temur, mutafakkir va shoir Alisher Navoiy, tabib olim Ibn Sino, davlat arboblari Jorj Vashington va Napoleon Bonapart, shuningdek Yuliy Sezar kabi tarixiy shaxslarning obrazlari qo‘llanilgan. Reklamada mazkur shaxslar go‘yo ushbu dori vositasidan foydalangani haqidagi mazmundagi tasvirlar namoyish etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, xalqlar tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslar obrazlaridan tijorat maqsadlarida bunday shaklda foydalanish ular xotirasiga hurmatsizlik sifatida baholanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni 16-moddasiga ko‘ra, reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar hamda obrazlardan foydalanish taqiqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan vakolatli organ tomonidan ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish natijasida “NIKA PHARM” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA