Targ‘ibot tadbirlari samarali bo‘lmoqda
Bugungi kunda Navoiy viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish borasida olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Do‘styorov “RAZATA” MCHJ va “SVS NAVOIY” xususiy korxonasida bo‘lib, korxonalar rahbarlari bilan muqobil energiyadan foydalanish, quyosh panellari o‘rnatishda belgilangan imtiyozlar haqida suhbatlashdi.


Navoiy erkin iqtisodiy zonasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlaridan so‘ng “RAZATA” MCHJ tomonidan 700 kVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilgan edi.

Ushbu zamonaviy uskunaning foydali tarafi shundaki, quyosh nuri qaysi tomonda bo‘lsa, o‘sha tomonga qarab harakatlanib, olinadigan elektr energiya samaradorligini yanada oshiradi.
“RAZATA” MCHJ gips ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 470 ming AQSH dollarlik 11 ming 533,5 tonna mahsulotni Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilgan.

Shuningdek, o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida Qiziltepa tumanida joylashgan “SVS NAVOIY” xususiy korxonasi tomonidan ham 11 kVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi. Ayni paytda zamonaviy uskunalardan samarali foydalanilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri