Tarag‘ay — turizm qishlog‘i yuksalish pallasida
Qashqadaryo viloyati markazidan 90–100, Chiroqchi tumani markazidan 50 km uzoqlikda joylashgan, Sohibqiron Amir Temur bobomizning otasi nomi bilan bog‘liq qadimiy tarixga ega bu qishloqning tabiati juda go‘zal. To‘rt tomoni purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan, so‘lim go‘sha.
Qishloqda to‘rt faslning ham o‘zgacha tarovati bor. Ayniqsa, bahor faslida hudud nihoyatda xushmanzara manzilga aylanadi. Tarag‘ay — turizm qishlog‘i maqomini olgan bo‘lib, keyingi yillarda uning iqtisodiy-ijtimoiy holati kundan-kunga o‘zgarib bormoqda. Yangi yo‘llar, infratuzilma tizimlari hamda sayyohlar oqimi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temurning otasi Tarag‘ay Bahodir nomi bilan bog‘liq ushbu manzil temuriylar davriga xos bo‘lgan tarixiy yodgorliklarga ega. «Tarag‘ay g‘ori», «Dunyo tepa», «Farmontosh» yodgorliklari shular jumlasidan. Ushbu yodgorliklar o‘zining tarixiy sir-sinoatlarga boyligi bilan har qanday sayyoh e’tiborini tortadi.

Bu hudud nafaqat temuriylar davriga xos obidalarga boyligi bilan, balki so‘lim va betakror tabiati, purviqor tog‘lari, zilol suvli buloqlari bilan ham mashhur.
Shu boisdan ham ushbu qishloqda to‘rt yildan buyon «Tarag‘ay bahori» festivali ko‘tarinki ruhda nishonlanib kelmoqda. Festivalda Chiroqchining ko‘hna tarixidan sado beruvchi muzey eksponatlari, milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi, millat qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan xalq o‘yinlari, milliy taomlar namoyishi (gastroturizm) festival qatnashchilarida nihoyatda iliq taassurot qoldiradi.
Umuman olganda, Tarag‘ay qishlog‘i Chiroqchi tumanidagi tog‘li, tarixiy va tabiat mo‘’jizalariga boy qishloqlardan biri bo‘lib, nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyoh va tadqiqotchilar uchun ham qiziqarli maskanlar qatoridan o‘rin olgan.
Qishloqda hozirda 1100 ga yaqin oila qayd etilgan bo‘lib, ularda 5000 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Tarag‘ayda 1 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 1 ta qishloq vrachlik punkti, 3 ta maktab faoliyat olib bormoqda.
Qishloq aholisi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Kundalik turmushda erkaklar chorva mollari, qo‘y-echkilarni boqish va dehqonchilik ishlari bilan shug‘ullanishsa, ayollar esa qo‘y junidan ip yigirish, kiyim-kechak, gilam va boshqa milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ham tayyorlashadi.
Qishloqda mavsumiy ipak qurti ham boqiladi. Quvonarlisi, hozirgi kunda ham qishloqda beda o‘rish, tomsuvoq, ariq qazish va shu kabi mavsumiy ishlar ommaviy hashar yo‘li bilan bajarilib, milliy qadriyat ko‘rinishida tashkil qilinmoqda. Bu jarayon keyingi avlodlarga oltin meros sifatida o‘tib kelmoqda.
Tarag‘ay hududiga xos tog‘li qishloq milliy taomlari chorvachilik mahsulotlariga tayangan holda, tabiiy qishloq sharoitida tayyorlanadi. Tarag‘ay qishlog‘ida keng tarqalgan va mahalliylashgan taomlardan qaynatma sho‘rva (tog‘ sho‘rvasi), shirchoy, qo‘rtova, qatiqli osh, kesgan osh, yupqa, g‘ilmindi, qozonpatir, qorin yog‘i va dorivor o‘simliklardan kiyik o‘ti, dalachoy, na’matak damlamalarini aytishimiz mumkin.
2022-yilda davlatimiz rahbarining tegishli farmonlari asosida Tarag‘ay qishlog‘i — turizm qishlog‘i maqomini olgan. «Obod qishloq» davlat dasturi, shuningdek, viloyat hokimining 2022-yildan boshlab har yili aprel-may oylarida qishloqda «Tarag‘ay bahori» an’anaviy festivalini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, hududda bir qancha qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, hududda aholining uzoq yillik orzusi bo‘lgan «Tarag‘ay oilaviy poliklinikasi» 2024-yilda qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu poliklinika yaqin qishloqlar kesimida 33 000 nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatib, u yerda hozirgi kunda 50 dan ortiq tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi.
Poliklinikada 25 ta kunduzgi statsionar o‘rin mavjud bo‘lib, bemorlar uchun shu yerda davolanish imkoniyati ham yaratilgan.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining tavsiyalari, viloyat hokimining tashabbuslari bilan qishloq markazida 150 o‘rinli zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim muassasasi ham qurilib, joriy o‘quv yilidan foydalanishga topshirilganini alohida ta’kidlash lozim.
Quvonarlisi, joriy yilning 21-oktabr kuni davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga tashriflari jarayonida so‘zlagan nutqida Qashqadaryo viloyatida yiliga 6 million turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi, yil boshidan viloyatga 2,5 million sayyoh kelgani, birgina G‘elon qishlog‘iga tashrif buyurganlar soni 500 mingga yetganligi hamda Tatarstan bilan hamkorlikda G‘elondagi tog‘-chang‘i kurortining birinchi bosqichini kelasi yil ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, tabiati bilan G‘elonga o‘xshash Chiroqchidagi Tarog‘ay, Kitobdagi Bashir va Yakkabog‘dagi Tatar qishloqlarini ham etnoturizm markazlariga aylantirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Shahrisabz tumanidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida tog‘ daryolari negizida rafting va sport turizmini rivojlantirish mumkinligi aytildi.
Mas’ullarga ushbu olti qishloq bo‘yicha bir oyda master-reja tayyorlab, 1-martdan 50 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirilgani Prezidentimizning 2026-yilni respublikamizda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb nomlab, olis hududlardagi qishloqlarga qaratayotgan e’tiborlari orqali mahallani rivojlantirib, jamiyatni yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturining amaliy natijasi bo‘layotganidan tarog‘ayliklar mamnun bo‘lishmoqda.
Xulosa qilib aytganda, muhtaram Prezidentimizning olis hududda joylashgan Tarag‘ay qishlog‘iga qaratayotgan yuksak e’tiborlari natijasida qishloqda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, xususiy tadbirkorlik va turizmning barcha yo‘nalishlaridagi rivojlanishlar sababli qishloq aholisining turmush tarzi yaxshilanib, yoshlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda…
Jo‘shqin Tursunov,
Renessans ta’lim universiteti
katta o‘qituvchisi