“Tarag‘ay” bahori yana sayyohlarni chorlaydi
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay qishlog‘i nafaqat o‘zining so‘lim tabiati, balki boy tarixiy merosi bilan ham ahamiyatli maskanlardan biri hisoblanadi. Purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan ushbu qishloq har bahor tabiatning uyg‘onishi bilan yanada jozibador qiyofa kasb etadi.
Buyuk Sohibqiron Amir Temurning otasi Tarag‘ay Bahodir nomi bilan bog‘liq bo‘lgan bu qadamjoda temuriylar davriga oid ko‘plab tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Xususan, “Tarag‘ay g‘ori”, “Dunyotepa” va “Farmontosh” kabi obidalar asrlar qa’ridan so‘zlovchi bebaho meros sifatida diqqatni tortadi. Tarixiy sir-sinoatlarga boy mazkur maskanlar har qanday mehmon va sayyohda katta qiziqish uyg‘otadi.
Tarag‘ayning yana bir o‘ziga xos jihati uning betakror tabiati. Moviy osmon bilan tutashib ketgan tog‘lar, musaffo havo, zilol suvli buloqlar va yashillikka burkangan yonbag‘irlar bu hududni ekoturizm uchun jozibador manzilga aylantirgan.
Ana shu go‘zalliklar bag‘rida bu yil to‘rtinchi bor “Tarag‘ay bahori” festivali keng nishonlandi. Qishloqning baland nuqtalaridan birida tashkil etilgan festival minglab mehmonlarga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlar, urf-odatlar va xalq o‘yinlari namoyish etildi. Oqsuyak, chillik, mak-mak kabi qadimiy milliy o‘yinlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-29791]
– Milliy o‘yinlarimiz, urf-odatlarimiz va milliy taomlarimiz xalqimizning bebaho ma’naviy merosidir, – deydi 55-maktab direktori Usmonxon Abdirahmonov. – O‘quvchilarimiz ishtirokida ana shu qadriyatlarni namoyon etishga harakat qildik. Bu esa festival ishtirokchilarida katta qiziqish va iliq taassurot qoldirdi.
Festival maydonida milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mehmonlar milliy taomlar tayyorlanish jarayoni bilan tanishib, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan bahramand bo‘ldi.
Festivalga nafaqat Chiroqchi tumani, balki viloyatning turli hududlaridan ham ko‘plab mehmonlar tashrif buyurdi.
Madaniy dasturlar ham tadbirning eng yorqin sahifalaridan biriga aylandi.
– Bu festivalda maktabimiz qoshidagi “Toshqinbuloq” folklor ansambli, dutorchi qizlar jamoasi, doirachilar va estrada cholg‘u ijrochilari ishtirok etmoqda, – deydi Chiroqchi tumani 15-son bolalar musiqa va san’at maktabi rahbari Gulshan Yoriyeva. – Bu tadbir milliy qadriyatlarimizni kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Festival mehmonlarida milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari ham katta qiziqish uyg‘otdi. Tabiiy jundan hech qanday sun’iy bo‘yoqlarsiz to‘qilgan gilamlar, milliy kashtachilik namunalari va noyob naqshlar xalqimizning boy madaniy merosi va yuksak didi namoyishi bo‘ldi.
– “Tarag‘ay bahori” festivali har yili aholi tomonidan katta intizorlik bilan kutiladi, – deydi Chambil mahallasi xotin-qizlar faoli Lobar Qo‘chqorova. – Bugun ham bayram ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Odamlarning kayfiyati a’lo, yurtdoshlarimiz bugungi fayzli muhitdan mamnun.
Tadbir yakunida el suygan san’atkorlar, shuningdek, “Chiroqchi chiroqlari” kabi folklor jamoalarining chiqishlari festivalga yanada fayz bag‘ishladi. Kuy-qo‘shiqlar va xalqona chiqishlar ishtirokchilarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Tarag‘ay bahori” festivali nafaqat milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, balki hududning boy tarixiy merosi va betakror tabiatini keng jamoatchilikka tanitishga xizmat qilmoqda. Bu esa Tarag‘ayning turizm salohiyatini yanada oshirish, ichki va tashqi sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri