Tanlov g‘oliblari taqdirlanishdi
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Toshkent mahallasida “15-may — Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Ibratli oila” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda Mirzaobod tumanida 21 mingdan ortiq oila istiqomat qilib kelmoqda. Shu munosabat bilan tumandagi barcha mahalla va tashkilotlarda “Oilamiz — kelajagimiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi.
Toshkent mahallasida o‘tkazilgan tadbirda “Ibratli oila” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Mirzaobod tumanidan jami 18 nafar oila nomzodi Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etilgan bo‘lib, ular orasidan 10 ta namunaviy va ibratli oila g‘olib sifatida e’tirof etildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari-Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojibayeva ishtirok etib, jamiyatda oilaning o‘rni, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u g‘olib oilalarni mahallalarda faollikni oshirish, ajrim yoqasidagi hamda nizoli oilalar bilan ishlashda mahalla faollariga ko‘mak berishga chaqirdi.
[gallery-29401]
Tadbir davomida oila muqaddasligi, milliy qadriyatlar va o‘zaro hamjihatlikni ulug‘lovchi chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ta’kidlanishicha, bu kabi tadbirlar oilalar o‘rtasida mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida g‘olib oilalarga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni, pul mukofotlari, Mirzaobod tuman hokimligining tashakkurnomalari hamda qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA