“Tandir” filmi xalqaro kinofestivalda qatnashadi
Kinematografiya agentligi “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan “Debyut-2020” yoshlar kinoalmanaxida suratga olingan “Tandir” qisqa metrajli filmi “Diorama” (International film festival&market) xalqaro kinofestivalida qatnashadi, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati.
Mazkur kinofestival joriy yilning 18-24 dekabr kunlari Hindistonda o‘tkaziladi. Unda turli janrlardagi filmlar saralanib olinadi va g‘olib bo‘lganlarga “Oltin chumchuq” (“Golden sparrow”) statuetkasi topshiriladi.
Postanovkachi rejissyor Azizbek Qurbonov, ssenariy muallifi Xurshid Serobov, postanovkachi operator Muzaffar Kenjaboyev, postanovkachi rassom Oxunjon Sharipov, operator Odiljon Qosimov, kartina direktori Sharif Qosimboyev.
Ma’lumot uchun, mahalliy tanlovlarda ko‘plab yutuq va sovrinlarni qo‘lga kiritgan ushbu film, ilk marotaba xalqaro nufuzli tanlovda ishtirok etmoqda.

D.Mamatova, O‘zA