Tamaki tutuni ortidagi umrlar — ogohlik chaqirig‘i
Har yili dunyoda millionlab insonlar tamaki tutunining ayanchli oqibatlari tufayli hayotdan ko‘z yummoqda. Bu raqamlar ortida esa sovuq statistika emas, balki uzilgan nafaslar, so‘ngan orzular va umidlari chilparchin bo‘lgan oilalar taqdiri mujassam.
Tamaki — inson umriga sekin kirib keladigan, ammo ayovsiz ravishda uni qisqartiradigan ko‘rinmas dushmandir. U dastlab sezilmas, oddiy odatdek qabul qilinadi, biroq yillar o‘tishi bilan yurak-qon tomir tizimi, o‘pka va boshqa hayotiy a’zolarni izdan chiqarib, og‘ir xastaliklar va erta o‘limga sabab bo‘ladi.

31-may — Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bu muammo yanada keskin ahamiyat kasb etmoqda. Bu sana jamiyatni bir lahza to‘xtab, hayot qiymati, sog‘lom turmush tarzi va zararli odatlar oqibatlari haqida chuqur mulohaza qilishga undaydi.
Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, zararli odatlarga qarshi kurashish va jismoniy faollikni oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi “Noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bu boradagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishladi.

Ushbu hujjatlarda aholi o‘rtasida zararli odatlarning oldini olish, jismoniy faollikni oshirish, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, ommaviy sport harakatini kengaytirish hamda noinfeksion kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish kabi vazifalar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Zero, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligining 55 foizi uning turmush tarziga, 20 foizi atrof-muhitga, 15 foizi irsiy omillarga va atigi 10 foizi tibbiy xizmat sifatiga bog‘liq.

Shunga qaramasdan, chekish bugun ham insoniyat salomatligiga tahdid solayotgan eng xavfli omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda qariyb 8 million inson tamaki iste’moli oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Ularning bir milliondan ortig‘ini passiv chekuvchilar — ya’ni o‘zi tamaki chekmaydigan, ammo atrofdagilar chekishi natijasida zararli tutunni nafas orqali qabul qiladigan insonlar tashkil etadi.
Sog‘liqni saqlash va strategik rivojlanish instituti Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Tojixon G‘afforovaning ta’kidlashicha, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va zararli odatlarga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida viloyatda yil davomida keng ko‘lamli targ‘ibot va profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.

– Afsuski, inson o‘z salomatligiga yetkazayotgan zararni har doim ham darhol sezmaydi. Ammo yillar o‘tishi bilan nosog‘lom turmush tarzi og‘ir kasalliklarga sabab bo‘ladi. Surunkali uyqusizlik inson umrini o‘rtacha 5 yilga, kamharakatlik 6 yilga, ortiqcha vazn 8 yilga, yuqori qon bosimi esa 10 yilga qisqartirishi mumkin. Bir kunda 20 donadan ortiq sigareta chekish ham inson umrini o‘rtacha 10 yilga kamaytiradi, – deydi mutaxassis.
– Nikotin insonni o‘ziga tobe qilib qo‘yadigan kuchli psixoaktiv moddadir, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali direktori, narkolog Oybek Yo‘ldoshev. – Ko‘pchilik chekishni xohlaganda tashlab yuborish mumkin bo‘lgan odat deb o‘ylaydi. Aslida esa nikotin inson organizmida ham jismoniy, ham ruhiy qaramlikni shakllantiradi. Shu sababli ko‘plab chekuvchilar zararini bilgan holda ham undan voz kechishda qiynaladi. Nikotin miya faoliyatiga ta’sir qilib, vaqtinchalik rohat hissini beradi, ammo vaqt o‘tishi bilan organizm unga ehtiyoj seza boshlaydi. Bu esa qaramlikning chuqurlashishiga olib keladi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda elektron sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotlarining keng tarqalishi ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
– Ayrimlar elektron sigaretalarni xavfsiz deb hisoblaydi. Aslida ularning aksariyati tarkibida ham nikotin va boshqa zararli kimyoviy moddalar mavjud. Eng xavflisi, bunday vositalar yoshlar orasida chekishga qiziqish uyg‘otib, keyinchalik nikotinga qaramlikni kuchaytirishi mumkin, – deydi Oybek Yo‘ldoshev.
Tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, chekish yuzdan ortiq kasalliklar bilan bevosita bog‘liq. O‘pka saratoni holatlarining qariyb 90 foizi aynan tamaki iste’moliga bog‘liq bo‘lib, chekuvchilarda yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti, insult, surunkali bronxit va o‘pka emfizemasi kabi xastaliklar bir necha barobar ko‘proq uchraydi.

Tamaki tutuni nafaqat o‘pka, balki og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, me’da, buyrak va boshqa a’zolarda ham xavfli o‘smalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir chekilgan sigareta inson umridan bir necha daqiqani olib qo‘yadi. Bu raqamlar ortida esa minglab yo‘qotilgan orzular, sog‘liq va taqdirlar turibdi.
So‘nggi yillarda o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotlar chekish inson organizmining qarish jarayonini ham tezlashtirishini ko‘rsatmoqda. Gonkongdagi Xitoy universiteti olimlari qariyb 500 ming nafar inson ma’lumotlarini tahlil qilib, chekish telomerlar — hujayralarning yashash muddati va yangilanish jarayoniga mas’ul bo‘lgan tuzilmalarning qisqarishiga sabab bo‘lishini aniqlashgan.
Bu esa organizmning tezroq qarishi va turli kasalliklarga moyil bo‘lib qolishini anglatadi. Biroq shifokorlar bir ovozdan ta’kidlaydigan muhim haqiqat bor. Chekishdan voz kechish uchun hech qachon kech emas. Tamakini tashlaganidan 20 daqiqa o‘tib yurak urishi me’yorlashadi. 12 soatdan keyin qondagi uglerod oksidi darajasi normal holatga qaytadi. Ikki hafta ichida o‘pka faoliyati yaxshilanadi, bir oydan keyin yo‘tal va nafas qisilishi kamayadi. Keyingi yillar davomida esa yurak xuruji va insult xavfi sezilarli darajada pasayadi.
Sog‘lom hayot insonga tabiatan berilgan eng katta boylik — salomatlikni asrab qolish imkonini beradi. Har bir chekilmagan sigareta insonning o‘zi, oilasi va farzandlari uchun qilingan eng to‘g‘ri tanlovdir.
31-may — Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni har birimiz uchun muhim ogohlantirishdir. Zero, salomatlikni tiklash mumkin, ammo uning boy berilgan qismi va yo‘qotilgan yillarni qaytarib bo‘lmaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA