Tamagirlik bor joyda sifatli taʼlim boʻlmaydi....
Termiz shahridagi Matbuot uyida “Yangilanayotgan TerDU: sarhisob, istiqbolli vazifalar” mavzuida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Termiz shahridagi Matbuot uyida “Yangilanayotgan TerDU: sarhisob, istiqbolli vazifalar” mavzuida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Termiz davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda jurnalist va blogerlarga Surxondaryo viloyatidagi yirik oliy taʼlim muassasasida oʻtgan yili amalga oshirilgan ishlar va bu yilgi muhim vazifalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
– Davlatimiz rahbari mamlakatimiz Prezidenti lavozimiga kirishgan ilk kundan oliy taʼlimni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi, – dedi Termiz davlat universiteti rektori, senator A.Toshqulov. – Sohaning muhim vazifalari belgilab berildi. Aslida biz hozir yangilik qilayotganimiz yoʻq. Bosqichma-bosqich shu vazifalar ijrosini taʼminlayapmiz, xolos. Xoʻsh, bu islohotlar qanday samara bermoqda? Keling, bu savolga loʻnda javob berayin. Bundan uch yil muqaddam universitetimizda 9 fakultet, 36 kafedrada 552 professor-oʻqituvchi 7 mingdan ortiq talabaga ilm-fan sirlarini oʻrgatgan boʻlsa, oʻtgan yili fakultetlar soni 15, kafedralar 43 taga yetdi. 600 dan ortiq professor-oʻqituvchi 13 ming 397 talabaga saboq bermoqda. Ularning 30 ga yaqini fan doktoridir.

Tadbirda vohadagi yirik oliy oʻquv yurtining ilmiy salohiyatini oshirish yuzasidan keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yillarda mazkur oʻquv dargohida birorta ilmiy ish yoqlanmagan. Sohaga qaratilayotgan eʼtibor tufayli 2018-yil 5 oʻqituvchi ilmiy ishini himoya qilgan boʻlsa, oʻtgan yili 23 doktorant dissertatsiya yoqladi. Universitetda kimyo-texnologiya, Oʻzbekiston tarixi, pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy kengashlar ochilgani, joriy yilda yana oʻzbek tili, fizika kabi fanlar boʻyicha ilmiy kengashlar tashkil etilayotgani, oʻqituvchilarning mehnatiga yarasha oylik maosh olayotgani ularning izlanib, ilmiy ish yoqlashga intilishi, monografiyalar, oʻquv qoʻllanmalar yaratishga qiziqishini oshirayotir. Xususan, 4 yil ilgari taʼlim muassasasi pedagoglari oltita monografiya yozgan boʻlsa, oʻtgan yili 80 monografiya va oʻquv qoʻllanmasi chop ettirdi.
Qiziqarli bahslarga boy boʻlgan anjumanda xalqaro aloqalar, qurilish va moliya faoliyati, maʼnaviy-maʼrifiy, sport va boshqa sohalarda amalga oshirilgan ishlar hamda galdagi vazifalar xususida soʻz yuritildi. Taʼlimdagi tamagirlik, qoʻshni davlatlarda tahsil olayotgan talaba-yoshlarni qabul qilish jarayonlari, professor-oʻqituvchilarning yoshi, keksa ustozlarning raqamli texnologiyalarni oʻzlashtirganlik darajasi kabi holatlar bilan bogʻliq masalalarga oydinlik kiritildi.

– Tamagirlik bor joyda sifatli taʼlim boʻlmaydi, – deydi rektor – Shu bois, qatʼiy talab va professor-oʻqituvchilarimizning oylik maoshlari sezilarli darajada oshirilgani bunday noxush holatga chek qoʻymoqda. Adolat tamoyilining ustuvorligi taʼminlanayotganini oʻtgan yili bitiruvchi kurslarning 307 talabasi diplom ololmagani misolida ham koʻrish mumkin.
Tadbirda jurnalistlar va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.